O‘zA O`zbek

13.08.2019 15:13 Chop etish versiyasi

Kichik sanoat zonalarida zarur sharoitlar nega yaratilmagan?

Kichik sanoat zonalarida zarur sharoitlar nega yaratilmagan?

Jizzax viloyatida 13 ta kichik sanoat zonalari tashkil etilgan. Ularning umumiy yer maydoni 120,7 gektarni tashkil etadi. 

Kichik sanoat zonalarida 2018-2020-yillarda umumiy qiymati 960,9 milliard soʻmlik 68 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, hozirgi kunga qadar qiymati 92,2 milliard soʻmlik 33 ta loyiha ishga tushirildi. 45 turdagi mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilib, 298 ta yangi ish oʻrni yaratildi. 

Ushbu loyihalar hisobiga 2018-yilda 15,5 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, shundan 208,8 ming dollarlik mahsulotlar eksport qilingan. Shuningdek, 2019-2020-yillarda umumiy qiymati 868,7 mlrd. soʻmlik 38 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 1759 ta ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan boʻlib, hozirgi kunda 23 ta investitsiya loyihalarida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. 

Viloyat kichik sanoat zonalarida joriy yilda umumiy qiymati 148,8 milliard soʻmlik 10 ta loyiha amalga oshirilib, 332 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Shundan qiymati 108,4 milliard soʻmlik 6 ta loyiha yilning birinchi yarimida amalga oshirilishi kerak edi. Biroq shu davrda qiymati 1,8 milliard soʻmlik 3 ta loyiha amalga oshirilgan xolos. 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi Jizzax viloyati Kengashi tomonidan oʻtkazilgan kichik sanoat zonalari faoliyatini yoʻlga qoʻyishda amalga oshirilayotgan ishlar va toʻsiq boʻlayotgan kamchiliklarni bartaraf etish mavzusidagi davra suhbatida shu haqida soʻz bordi. 

Tadbirda partiyadan saylangan deputatlar, partiya faollari, tadbirkorlar ishtirok etib, kichik sanoat zonalarini rivojlantirish ishlari tanqidiy tahlil qilindi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi Erkin Xolboʻtayev, partiya viloyat kengashi ijroiya qoʻmitasi raisi Erkin Xolmatov va boshqalar kichik sanoat zonalarida loyihalarning belgilangan muddatda ishga tushmayotganiga transport, muhandislik, ishlab chiqarish infratuzilmalari va bosh rejalar bilan taʼminlanishdagi yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar sabab boʻlayotganiga alohida eʼtibor qaratdi. 

Jumladan, viloyatdagi 13 ta kichik sanoat zonasidan atigi 4 tasi infratuzilmalar bilan taʼminlangan boʻlib, qolgan 9 ta hududda bu sohada belgilangan ish toʻliq bajarilmagan. “Arnasoy”, “Doʻstlik”, “Dashtobod”, “Zarbdor”, “Zafarobod”, “Paxtakor”, “Yangiobod” va “Jizzax shahar” kichik sanoat zonalarida elektr energiyasi tarmoqlarini tortish va rekonstruksiya qilish ishlari toʻliq bajarilmagan. Tabiiy gaz tarmoqlari, avtomobil yoʻllarini yangidan tortish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilish ishlarini bajarishda ham kamchiliklar mavjud. 

Ochiq muloqotda kichik sanoat zonalarining 27,4 kilometrlik ichimlik suvi, 20,9 kilometr masofadagi kanalizatsiya tarmoqlarini yangidan tortish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha rejalashtirilgan ishlar boshlanmagani, 1,8 kilometrlik aloqa tarmoqlaridagi ishlar atigi 7,9 foizga bajarilgani jiddiy tanqid qilindi. 

Tadbir yakunida kichik sanoat zonalari infratuzilmasidagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar qabul qilindi. 

T. BEKNAZAROV, OʻzA
1 181