Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.07.2018 18:08 Chop etish versiyasi

Xususiy sektor ulushi kengaymoqda

Navoiy viloyatida xususiy tibbiyot muassasalari soni joriy yilda 13 taga ortib,133 taga yetdi. Ularning 124 tasi ambulator va 9 tasi statsionar sharoitda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 1 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim huquqiy asos bo‘layotir.

Qarorga muvofiq, xususiy klinikalarga davlat tomonidan qator moliyaviy imtiyozlar belgilandi. Xususan, 2022 yilning 1 yanvariga qadar barcha turdagi soliq va majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod etildi. Bundan tashqari, litsenziya olish uchun berilgan arizani ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartirildi, litsenziya olish uchun to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 10 barobaridan 5 barobarigachakamaytirildi.

Navoiy shahridagi “Med Expert” xususiy klinikasi aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan muassasalardan biri.

– Bankdan olingan 1 milliard so‘m kredit evaziga muassasamiz joylashgan binoni mukammal ta’mirlab, xorijdan zamonaviy tibbiy jihozlar keltirib o‘rnatdik, – deydi klinika rahbari M.Ergasheva. – Yumshoq to‘qimalardagi saraton kasalligini erta aniqlaydigan zamonaviy tibbiy uskuna ham amaliyotda qo‘llanilmoqda. Shifoxonamiz faoliyat boshlashi bilan 25 kishining bandligi ta’minlandi.

Yurtimizda malakali tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklar profilaktikasi, skrining xizmatlarini namunali yo‘lga qo‘yish, aholini arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga doir keng ko‘lamli ishlar zamirida xalqimizni hayotdan rozi qilishdek ezgu maqsad mujassam.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
2 080