O‘zA O`zbek

18.08.2018 16:03 Chop etish versiyasi

“Kelajak deputatlari” guruhi Toshkent shahrida sayohat uyushtirdi

“Kelajak deputatlari” guruhi Toshkent shahrida sayohat uyushtirdi
Mazkur tashrif yoshlarni mamlakatda yangi qabul qilinayotgan qonunlar bilan yaqindan tanishtirish barobarida, ularning fuqarolik javobgarligini va olib borilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirishda yaxshi samara beradi.

Prezidentimizning 2017-yil 12-iyul kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi nutqida ilgari surilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, qonun loyihalari ishlab chiqilishi jarayonlari bilan yoshlarni yaqindan tanishtirish, ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, mamlakatimizning taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini yoshlar orasida keng targ‘ib etish maqsadida O‘zLiDePning barcha tuman va shahar Kengashlari huzurida “Kelajak deputatlari” guruhi tashkil etilgan edi. Ayni chog‘da bo‘lajak deputatlar o‘z faoliyatini samarali olib bormoqda.

Bugun “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida “Bizning eng katta tayanchimiz va suyanchimiz, hal qiluvchi kuchimiz yoshlar!” shiori ostidagi yoshlar forumi ishtirokchilari, O‘zLiDePning Navoiy viloyat Kengashi huzuridagi “Kelajak deputatlari” guruhi a’zolari bilan birgalikda Toshkent shahriga sayohat uyushtirildi.

Dastlab ishtirokchilar poytaxtimizning Mustaqillik maydonidagi Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘yishdi.

Shundan so‘ng ular O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida bo‘lib, partiya faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Uchrashuvda 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi hamda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida O‘zLiDeP “Yoshlar qanoti” tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi aytib o‘tildi.

Jumladan, O‘zLiDeP dasturi doirasida yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish hamda yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga salmoqli hissa qo‘shib kelayotganligi haqida to‘xtalib o‘tildi. Bu borada olib borilayotgan ishlar partiyaning yoshlarda tadbirkorlikka oid chuqur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish hamda biznes tashkil etish va yuritish ko‘nikmalarini singdirishga ko‘maklashishdek dasturiy maqsadlariga hamohang ekanligi qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu sayohatning o‘tkazilishi mazkur yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomidir. Chunki mazkur tashrif yoshlarni mamlakatda yangi qabul qilinayotgan qonunlar bilan yaqindan tanishtirish barobarida, ularning fuqarolik javobgarligini va olib borilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirishda yaxshi samara beradi.

Yuzma-yuz muloqotlar davomida yoshlar o‘zlarining taklif va fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi, qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi.

Shundan so‘ng, bo‘lajak deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib, partiyaning parlamentdagi fraksiyasi hamda deputatlar faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida ishtirokchilarga parlament faoliyati, qonun ijodkorligi, o‘tgan 27 yil davomida fan, ta’lim, madaniyat va sport sohalarida erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar masalasiga qayta-qayta e’tibor qaratilayotgani bejiz emasligi, joylarda yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarish va shu asosda yoshlar bandligini ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar hanuzgacha saqlanib qolayotganligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng guruh a’zolari Turin politexnika universitet qoshidagi Innovatsion texnoparkiga hamda Chilonzor tumanidagi “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazida bo‘ldi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
2 863