O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Kelajak ayol qo‘lida yo‘rgaklanadi

Kelajak ayol qo‘lida yo‘rgaklanadi

Deputat minbari 

Hamma narsa insonning o‘ziga bog‘liq. Ammo inson taqdiri onaga bog‘liq, degan so‘zlarda ham ko‘p hikmat bor. Rizouddin Ibn Faxriddin ta’kidlaganidek, oilaning asl ustuni ayoldir. Erkaklar tarbiyada faqat ayolga bo‘ysunadilar. Farzandning ilk tarbiyachisi bu – uning onasi. Shuning uchun ham mamlakatimizda ayollarga munosib turmush sharoiti yaratish, ular haqida g‘amxo‘rlik qilish, qonuniy manfaatlari, xuquqlarini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor vazifasi hisoblanadi.

Mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish barobarida, yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan omillarni ham chuqur o‘rganish ularning oldini olishda muhim o‘rin tutadi. Buning uchun, albatta, barcha bo‘g‘indagi tashkilotlar ishini yanada takomillashtirish, hamkorlik aloqalarini kengaytirish zarur.

Ta’kidlash joiz, ayol o‘zidan o‘zi siyosiy faol kuchga aylanmaydi. Buning uchun sharoit, imkoniyat yaratilishi kerak. Mamlakatimizda esa bu sohada katta ishlar qilinyapti. Eng muhimi, qonunchilikning xuquqiy asoslari mustahkamlanmoqda. Faqat biz bu qonun, qarorlarni targ‘ib qilishda yetarli faoliyat olib bormayapmiz. Opa-singillarimizning qonunlardan bexabarligi esa o‘z imkoniyatlaridan yetarli foydalanmaslik, qonunbuzilish holatlariga olib kelayotgani ham haqiqat. Keyingi uch yil ichida qabul qilingan qonun, farmon va qarorlarga bir so‘z bilan ta’rif beradigan bo‘lsak, ular ayolni qadrlashga, e’zozlashga, ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratildi. Masalan, 2018 yil 2 fevralda davlatimiz rahbarining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Unga muvofiq, barcha fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etildi. “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy bo‘limlari tashkil etilishi oila institutining mustahkamlanishida amaliy qadam bo‘ldi. Mazkur farmon bilan FHDYo organlarining faoliyati tuman, shahar hokimliklariga bo‘ysundirildi. Ularning faoliyatini nazorat qilish hokim o‘rinbosarlari, xotin-qizlar qo‘mitasi raislari zimmasiga yuklatildi. 

Jamiyatdagi qator ko‘ngilsizliklarning oldini olishda ish bilan ta’minlanganlik juda muhim hisoblanadi. Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda bu masala juda muhim. Bandlik qator hayotiy muammolarning yechimi hisoblanadi. Bandlik jinoyatlar, oiladagi ajrimlarning oldini oladi, ayolning ish izlab uzoqlarga ketishiga to‘siq bo‘ladi. Eng muhimi, u bolalari oldida bo‘lib, ro‘zg‘ori but, dasturxoni to‘kin bo‘lishiga hissa qo‘shadi. Lekin bandlik, bandlik, degan bilan bu muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi.

Prezidentimizning 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi qarori mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, mehnat xuquqini kafolatlash va ayollar tadbirkorligini ko‘llab-quvatlashga keng imkoniyatlar yaratadi. Amaldagi Mehnat kodeksining 100-moddasida pensiya yoshiga yetgan fuqaro bilan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin edi. Yangi qarorda esa ayol 60 yoshga to‘lgunicha ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish taqiqlanadi. Mazkur qaror asosida O‘zbekiston Respublikasining xotin-qizlar gender tengligini himoya etish bo‘yicha komissiyasi ham tuzildi.

Xotin-qizlar xuquqlari va manfaatlarini himoya qilishda qonun ijodkorligiga katta e’tibor berilgani natijasida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng xuquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tayziq va zo‘ravonliklardan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.

Xotin-qizlar mehnatini rag‘batlantirishga ham katta e’tibor berilyapti. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan iqtidorli qizlarni taqdirlash tizimi takomillashdi. Har yili 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan qizlarimizning 28 nafariga mazkur mukofot taqdim etilmoqda. Iqtidorli qizlarning davlatimiz tomonidan bunday qo‘llab-quvvatlanishi, ijtimoiy himoyaning bunday ko‘rinishi dunyodagi hech qaysi davlatda yo‘q. Yoki hayotda, jamoat, mehnat faoliyatida o‘rnak bo‘lgan ayollarimiz Prezidentimiz farmoniga binoan “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanmoqda. Bularning barchasi zamirida ayol zotiga ulkan hurmat, ehtirom, g‘amxo‘rlik bor. O‘z navbatida, bu e’tibor barcha xotin-qizlarga katta mas’uliyat yuklaydi. 

Bolalarimiz tarbiyasida e’tibor qaratishimiz zarur bo‘lgan vazifalarni biz amalga oshirmasak, fidoyilik ko‘rsatmasak muvaffaqiyatlarga erisha olmasligimiz tayin. Bu xaqda davralarda ko‘p gapirishimiz kerak. Toki, har bir qabul qilinayotgan qaror, qonundan ayol o‘z vaqtida xabardor bo‘lsin. Soatlab telefonga tikilib o‘tiradigan o‘g‘il-qizlarimiz e’tiborini hayotga qarataylik. Qo‘liga kitob tutqazaylik, she’rga oshno qilaylik, san’atga shaydo etaylik. Jismonan baquvvat bo‘lib voyaga yetishlari uchun ularni sport to‘garaklari tomon boshlab boraylik, yuragida kitobga havas uyg‘otib, o‘zimiz kitobxonlikda namuna ko‘rsataylik. O‘zimiz namuna bo‘laylik, deb takror-takror aytgim keladi. Opa-singillarimizga kiyim, taqinchoqlarimizni ko‘z-ko‘z etib emas, farzandlarimizning aql-idroki, fanlardagi muvaffaqiyatlari bilan maqtanaylik.

Axir, shu ko‘zmunchoq bolamiz ertaga sportda, fanda, san’atda dunyoni zabt etsa, uning bilimi, odobiga dunyo havas qilsa, shu bizning baxtimiz, shu bizning faxrimiz emasmi?! U o‘z yo‘lini topib olsa, adashmasa, qoqilmasa, shu bizning tinchimiz emasmi?!

Biz dunyo tan oladigan, havas qiladigan o‘g‘il-qizlarni tarbiyalashga mas’ulmiz. Ayolning hurmatini joyiga qo‘yadigan, yurtiga tayanch bo‘ladigan mardu maydonlarni voyaga yetkazishga, andishali qizlarni, mard yigitlarni tarbiyalashga burchlimiz. Bizning eng katta, asosiy, sharafli vazifamiz ham ana shu.

Komila KAROMOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.

4 612
O‘zA