Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2018 17:39 Chop etish versiyasi

Kel, do‘stlashamiz, sen albatta sog‘ayib yonimizga qaytasan

Bu Namangan shahridagi 1-umumta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchisi Bekzodning onkologiya shifoxonasida davolanayotgan tengdoshiga o‘z qo‘li bilan yozgan xatidan lavha.

Namangan shahridagi “Lotos” ayollar markazi tashabbusi bilan Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan shahar kengashlari, viloyat “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazi, shahar xalq ta’limi bo‘limi hamkorligida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida “Sen yashashga haqlisan!” shiori ostida xayriya aksiyasi o‘tkazildi.

Mazkur muassasada davolanayotgan yoshlarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda viloyat va shahar hokimliklari, bir qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar, yoshlar ishtirok etdi.

Viloyat “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazi qoshidagi “Namangan g‘unchalari” badiiy havaskorlik ansambli, Namangan shahridagi 60-umumta’lim maktabining iste’dodli o‘quvchilari ijrosidagi konsert dasturi bemor bolalarning ruhini ko‘tardi, ular har bir kuy-qo‘shiq va raqsni qarsaklar bilan olqishlab turdi.

– Bu yerda davolanayotgan bolalar yoshi kattalardan bir jihati bilan ustun, ular bu yerda yotganlari sababini hali to‘liq tushunib yetmaydi, – deydi “Lotos” ayollar markazi direktori Larisa Ni. – Bu ularning sog‘ayib ketishida muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad bemor bolalarni hayot quvonchidan bahramand etib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir.

Tadbir yakunida davolanayotgan bolalarga tashkilotchilar tomonidan kiyim-kechak, o‘quv qurollari, dori-darmon va boshqa tibbiyot vositalari tarqatildi. Shuningdek, shahardagi 1- va 34-umumta’lim maktablari o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan, beg‘ubor va samimiy tilaklar bitilgan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Akramjon Sattorov,O‘zA
6 330