Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.08.2017 21:57 Chop etish versiyasi

Keksalar tajribasi – ibrat maktabi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida fuqarolar yig‘inlari raislarining keksalar va faxriylar ishlari hamda yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalla raislari, maslahatchilari va faollari, nuroniylar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda nuroniylarning boy hayotiy tajribasidan unumli foydalanish, mahalla institutini joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish borasidagi islohotlar el-yurtimizning tinch va farovon hayotini, sog‘lom ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘layotir.

Mazkur farmonga ko‘ra, jamoatchilik asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida (ovullar, qishloqlar, mahallalar) fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari – keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy qilindi.

O‘quv-seminar ishtirokchilari sho‘balarga bo‘linib, notinch oilalarni sog‘lomlashtirish, huquqbuzarliklar va ajrimlarning oldini olishda nuroniylarning vazifalari, to‘y-marosimlarni milliy an’analarimizga mos ixcham va kamxarj o‘tkazishning zarurati, nuroniylarning mahallalardagi yoshlar bilan ishlashdagi o‘rni, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda diniy idoralar bilan hamkorlik masalalari mavzularida amaliy mashg‘ulotlar olib bordi. Mavjud muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi.

– O‘rganishlardan ma’lum bo‘ldiki, ayniqsa qishloqlarda uyushmagan yoshlar ko‘p va ularning aksariyati ishsiz, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Qarshi tumani bo‘limi rahbari Polvonqul To‘liyev. – Ishsizlik muammosini hal etish, qishloqlarda o‘tkazilayotgan to‘y va dafn marosimlarini tartibga solish, oilaviy nizolarning oldini olish, mayda bezorilik, o‘g‘rilik, yoshlar o‘rtasida diniy ekstremistik oqimlarga bilmasdan kirib qolish holatlarini bartaraf etishda mahalla fuqarolar yig‘inlarida joriy etilgan keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchining faoliyati juda muhim. Boisi, ular katta hayotiy tajribaga ega. Bugungi kunda tumanimizda 16 mingdan ortiq pensioner bo‘lsa, ularning 8 nafari Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 360 nafari mehnat fronti faxriysi hisoblanadi. 250 dan ortiq nuroniylar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda mehnat qilmoqda.

O‘quv-seminar davomida “Mahallalarda va oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish, joylardagi ijtimoiy obyektlar faoliyatini monitoring qilish hamda aniqlangan ijtimoiy muammolarning mutasaddi tashkilotlar tomonidan bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari – keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilarining ishtirokini kengaytirish masalalari”, “To‘ylar va boshqa marosimlarni milliy qadriyatlarimizni hisobga olgan holda o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar”, “Yosh avlod qalbi va ongiga Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhini singdirishda komissiyaning o‘rni", "Tarbiyaga oid masalalarda “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi hamkorligi” mexanizmini tatbiq etishning amaliy jihatlari”, “Diniy ekstremizm, aqidaparastlik va missionerlikning aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar ongiga salbiy ta’siri hamda bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishning dolzarb masalalari”, “Voyaga yetmaganlar va yoshlarning milliy ma’naviyatimizga zid bo‘lgan illatlar hamda turli ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish, ularga imkon tug‘diruvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etishda maslahatchilarning o‘rni” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Prezidentimizning joriy yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, jamiyatimizda do‘stlik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlodni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, aholining ehtiyojmand qatlamlari va keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida mahallalarning ahamiyati va nufuzini yanada oshirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyev so‘zga chiqdi.

O‘lmas Barotov, O‘zA
2 398






Все о погоде - Pogoda.uz