O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

Keksa avlod vakillariga izzat va ehtirom

Keksa avlod vakillariga izzat va ehtirom

IIV Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan sayyor o‘quv yig‘inlari doirasida kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar, yakka yolg‘iz keksa avlod vakillari holidan ham xabar olishmoqda.

Zero, ushbu oilalar va fuqarolarning holidan xabar olish, ular bilan hamsuhbat bo‘lish, qalbiga quloq solish, muammolarini yechish uchun amaliy ko‘mak berish insoniy burch hisoblanadi.

– Bugun Toshkent shahridan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari uyimizga kelib holimizdan xabar olganliklari meni juda xursand qildi, – deydi Sirdaryo viloyati Shirin shahri “Do‘stlik” mahallasida istiqomat qiluvchi, 1-guruh nogironi Hamdam Sultonov. – O‘zim 1968 yilda tug‘ilganman, turmush o‘rtog‘im Novvotoy Sultonova ham tug‘ma 2-guruh nogironi. Men yana bir bor amin bo‘ldimki, yurtimizda biz kabi nogironligi bo‘lgan fuqarolar davlatimiz e’tiboridan chetda qolmagan.

– Turmush o‘rtog‘im, marhum Vahob Qodirov ham uzoq yillar ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda xizmat qilgan. Bir o‘g‘il va uch qizni tarbiyalab voyaga yetkazdik. O‘g‘lim marhum Abduvohid Qodirov ham ichki ishlar organlarida uzoq yillar turli lavozimlarda xizmat qilgan, – deydi Toshkent viloyati Piskent tumani A.Navoiy nomli mahallada yashovchi, 89 yoshli Gulfiya Qodirova. – Avvalo, tuman ichki ishlar organlari xodimlariga va Faxriylar kengashiga doimo mening xolimdan xabar olib turganliklari uchun minnatdorchilik bildiraman. Menga nogironlik aravacha olib berishdi. Vaqt o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymas ekan, mana bugun keksalik gashtini surayapman, uch qizim navbat bilan menga qarashadi. Lekin bugungi quvonchimni qanday tasvirlab berishga ham ojizman. Eshigimdan IIV Malaka oshirish instituti xodimlari kirib kelib, “Sizdan xabar olgani keldik” degan so‘zlari meni yanada quvvatlantirib yubordi.

Bundan tashqari, Institut professor-o‘qituvchilari ushbu oliyjanob ishlarga ichki ishlar organlari tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan har bir xodimning hissa qo‘shishi kelajakda sohani xalqparvar tizimga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etishini o‘tkazilayotgan sayyor o‘quv yig‘inlarida ham tushuntirib bermoqdalar. Zero, Davlatimiz Rahbari ta’kidlanganlaridek, qaerdaki saxovat va mehru-muruvvat ko‘p bo‘lsa, ana shu joyda fayzu-baraka quloch yozadi.

IIV Malaka oshirish instituti 
matbuot xizmati.

554
O‘zA