Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.02.2017 12:52 Chop etish versiyasi

Kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishini o‘qib

Ilm olmagan, kitob o‘qimagan farzandlar yo‘qotilgan bolalardir, degan edi mutafakkirlardan biri. Bugungi taraqqiyot zamonida insoniyat kitobdan biroz uzoqlashib, tarbiyada ko‘p narsa yo‘qotmoqda.

Prezidentimizning mazkur farmoyishi kitobxonlik madaniyatini g‘oyat dolzarb, kechiktirib bo‘lmaydigan davlat siyosati darajasidagi masala sifatida kun tartibiga qo‘ydi.

Sobiq tuzum davrida milliy qadriyatlarimiz, boy merosimiz toptaldi. Behisob vagonlarni to‘ldirgan tonnalab tillolar, oltinu javohirlar qatorida nodir kitoblarimiz ham olib ketildi. Istilochilarning o‘zlari “Biz ikki foizini savodli deb bilgan xalqning bebaho, nodir kitoblar yiqqani g‘oyat taajjublanarlidir”, deb yozganlari, hayratga tushganlari ham bor gap.

Sho‘ro zamonida chetdan kelgan mehmonlarni qoyil qoldirish uchun chorvachilik fermasiga olib borilgan. Bu “kommunizm” sari yetaklagan tuzumning “baxt” indeksi edi. Bu dunyo tamadduniga eshik ochgan, buyuk kitoblar qoldirgan xalqni ruhan sindirishning makkorona usuli edi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov jasorati bilan milliy qadriyatlarimiz tiklandi. Ma’naviyatimiz yuksaldi. Bugun Vatan mustaqilligi oliy saodatga aylangan, uni ko‘z qorachig‘idek asrash sharaf, jonfidolik bo‘lgan kunlarda yaqin o‘tmishdan saboq olish g‘oyat muhimdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yurt istiqbolini ko‘zlab kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida qabul qilgan farmoyishi oddiy dehqondan ziyoligacha – barcha yurtdoshlarimizning yuragida qizg‘in aks-sado berdi.

– Bolalarimizning kitobdan uzoqlashib borayotgani, internetga bangi bo‘lib qolayotgani hammamizni tashvishlantirayotgan edi, – deydi Yozyovon tumanidagi 22-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi O‘ktamxon Soliyeva. – Bir muallima sifatida farmoyish orqali bizni uyg‘otgani, bolalarimizni badiiy kitobga oshno qilish uchun katta istiqbol eshiklarini ochgani uchun Prezidentimizdan minnatdormiz. Shu bilan birga, kitobdan uzoqlashgan bolalarning mustaqil, erkin fikrlashi sayoz bo‘lib qolayotgani, sinfdan sinfga ko‘chirish imtihonlarida, oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida diktant, insho yozish amalga joriy etilmayotgani o‘quvchilarning savodxonlik, badiiy tafakkur darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ko‘pdan beri mulohaza qilib yurardik. Farmoyishda bu masalalarni o‘rganish, ijodiy takliflarni muvofiqlashtirish yuzasidan komissiya tuzilishi ayniqsa pedagoglarni quvontirdi.

– Mening nazarimda, internet bolalarimizni o‘ziniki qilib olmoqda. Qo‘lidagi telefoni ichiga kirib oldimi, qulog‘iga hech gap kirmaydi, gapimiz o‘tmas bo‘lib bormoqda, – deydi bag‘dodlik muallima Kumushoy opa. – Internetning foydali tomonlarini inkor etib bo‘lmaydi. Kecha nabiram Akbarjon internet orqali matematikadan jahon olimpiadasiga sinov imtihonlari topshirdi. Internet orqali har kuni dunyoda yaratilayotgan kashfiyotlardan bizni ham xabardor qilib turadi. Jahondagi mo‘jizalarni siyohi qurimay sizga yetkazayotgan va iste’dodli yoshlarimizning kashfiyotlari dovrug‘ini dunyoga yoyayotgan internetni mo‘jizalar mo‘jizasi degingiz keladi.

Darhaqiqat, internet beqiyos imkoniyatlar makoni sifatida taraqqiyotga xizmat qilishi bilan birga, agar undan egri niyatda yoki bemaqsad foydalanilsa, koni zararga aylanishi mumkin.

– Ayrim yoshlarimiz milliy ohanglarimiz, qadriyatlarimizdan yiroq oldi-qochdi, yengil-elpi, quloqni qomatga keltiruvchi kuy-qo‘shiqlar asiriga aylanib bormoqda. Afsuski, o‘z ildizlarimizga bolta urayotgan bu ko‘rinishlar o‘z tarbiyamiz, tashviqotimiz, loqaydligimiz mevasi. Hadeb aybni "ommaviy madaniyat" ta’siridan qidiravermasdan, yengil-elpi asarlar, xalqimiz didini, badiiy saviyasini o‘tmaslashtirayotgan «qissa»lardan izlasak, masalaning mohiyatiga tezroq yetarmidik? Yana bir gap, agar farmoyishda ko‘rsatilganidek, kitob nashr etish va tarqatishga vakolatli bo‘lgan yagona davlat organi belgilansa, biz, ijodkorlar ham bunday og‘ir yukdan xalos bo‘lar edik,– deb kuyunadi shoira Mo‘tabar G‘ulomova.

Temir yo‘llar, tezyurar poyezdlarimiz har qanday odamning havasini keltiradi. Barcha sharoitlar muhayyo qilingan ko‘rkam vagonlar, yumshoq o‘rindiqlarda kelajak haqida uchqur xayollarga tolasiz. Tilagingizga “labbay” deb turgan, po‘lat tulporlarni qoyilmaqom boshqarayotgan temiryo‘l xizmatchilari – yoshlarimizning qaddi-bastiga, muomalasiga, til bilishiga havasingiz keladi. Lekin manzilga yetguncha vagondagi teleekranda namoyish qilinayotgan yengil-elpi qo‘shiqlaru filmlardan ensangiz qotadi, ta’bingiz xira bo‘ladi.

– Nega mumtoz qo‘shiqlarimiz, milliy filmlarimizdan namoyish etmaysizlar? – deb so‘rayman.

– Bizga faqat shular berilgan, – deydi provodnik qizimiz xijolat tortib.

Agar har kuni poyezdlarga minglab yo‘lovchilar chiqishi, o‘zimiz sezib-sezmagan holda ularning ma’naviyatini tubanlashtirayotganimizni e’tiborga olsak, kimningdir manfaati, sovuqqonligi, loqaydligi, qadriyatlarimizni pisand qilmasligi, e’tiborsizligi sabab bilib-bilmay o‘z kelajagimizga o‘zimiz soya solayotganimiz ayon bo‘ladi. Millionlab odamlarning ma’naviyatiga mas’ullik hech qaysi mutasaddi rahbarni e’tiborsiz qoldirmasligi zarur. Birinchi Prezidentimizning “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” degan so‘zlarini unutishga aslo haqqimiz yo‘q.

Ha, so‘z ilohiy qudratga ega, u yuradi, qalblarni junbushga keltirib zabt etadi, poklaydi, komillik sari yetaklaydi. Ayni paytda yovuzlik, jaholat, manqurtlik quroliga aylanganda yomonlik urug‘larini urchitadi. Qarang, komputerni har gal ochganimizda «kasallanmasligi» uchun uni viruslardan tozalaymiz. Buning uchun vaqtimizni ham, pulimizni ham ayamaymiz. Lekin farzandlarimiz qalbi, iymon-e’tiqodi, ongini internet va boshqa vositalar orqali kirib kelayotgan yuqumli, ko‘rinmas viruslardan ham halokatli bo‘lgan diniy mahdudlik, terrorizm, giyohvandlik kabi balo-qazolardan vaqtida asray olayapmizmi? Mutafakkir bobolarimizning quyidagi hikmati bizni ogohlikka chorlaydi: Qalbing derazasini dunyoga ochib qo‘y. Toki undan ezgulikning bo‘ylari, yaxshiliklar ifori, toza havo, quyosh nuri, sumanbar nasimlar bo‘ylasin. Lekin unutmagilki, ogoh bo‘lgilki, ochiq derazadan kirgan bo‘ronu to‘fonlar, jaholat quyunlari qalbingni ostin-ustin qilib, vayronaga aylantirmasin. Necha asrlar qa’ridan bizgacha yetib kelgan bu bashorat go‘yo “ommaviy madaniyat”, internetning bugungi xatari haqida aytayotgandek, ogohlantirayotgandek.

Prezidentimizning farmoyishi bizni tashvishlantirayotgan ushbu masalalarni chuqur tanqidiy tahlil qilish, savollarimizga javob topish, bu boradagi muammolar yechimini topishga keng yo‘l ochadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev har bir chiqishida yoshlarni shu yurtning chinakam vatanparvarlari etib tarbiyalashda kitob g‘oyat qudratli kuch ekanini qayta-qayta ta’kidlayotganlari bejiz emas.

Binobarin, hammamiz uchun ayni paytda juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masala, ya’ni kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va yoshlarimizning mutolaaga muhabbatini, ularning ma’naviy immunitetini yanada oshirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish vazifasi turibdi.

Enaxon Siddiqova,

O‘zbekiston xalq shoiri,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari.

O‘zA
2 984






Все о погоде - Pogoda.uz