O‘zA O`zbek

23.04.2019 20:38 Chop etish versiyasi

“Katta odam” (luqma)

“Katta odam” (luqma)

Koʻchadagi yoshlarni oʻsha joyning oʻzida tanqid qilsa boʻlar, lekin “katta lavozimdagi yigitchalar”ga kim pandu-nasihat berar ekan?

Mehnat faoliyatim davomida xizmat taqozosi bilan boshqarmalarning boshliqlari, hokimlar, bir necha vazirlarning qabulida boʻlishimga toʻgʻri kelgan. Oʻzimning ancha yoshligim, ularning lavozimi juda yuqoriligi sababli qabulga kirishdan oldin qattiq hayajonlanganman. Lekin ularning qabullariga kirishim bilan butunlay boshqacha holatni koʻrib, hayajonlarim yoʻqolgan, oʻz fikrlarimni ham tortinmasdan bildira olganman. Chunki, ular kabinetlariga kirishim bilan salomimga alik olib, oʻrinlaridan turib, qoʻl berib salomlashib, oʻtirishim uchun joy koʻrsatishgan. Hatto ayrimlari darrov bir piyola choy ham tutishgan. Ketishimda ham eshikkacha kuzatib qoʻyishgan.

Shundan boʻlsa kerak, men ham ish yuzasidan boʻladimi, shaxsiy masala yuzasidan boʻladimi, huzurimga kelganlarni xuddi shunday hurmat bilan qabul qilishga odatlanganman. 

Aslida, odamlar bilan, ayniqsa, katta yoshdagilar bilan koʻrishganda oʻrindan turib, ularning hurmatini joyiga qoʻyib salomlashish xalqimizga xos qadriyatlardan hisoblanadi. 

Hozirgi kunda koʻplab boshqaruv organlarida yoshlar ishlamoqda. Bu juda yaxshi, albatta, bilimdon yoshlar kelajagimiz. Lekin ularning maʼnaviyati qanday? 

Ushbu masalaga deyarli eʼtibor berilmayapti, deb oʻylayman. Xizmat yuzasidan davlat idoralariga kirsangiz, “mansabi ham oʻziga yarasha” yosh yigitlar oʻtiribdiki, goʻyo ulardan katta odam yoʻq, salom berib qoʻl uzatsangiz, erinibgina, kibr bilan, oʻtirgan “pozasini” oʻzgartirmasdan zoʻrgʻa qoʻl uzatadi. Holbuki, uning yonida koʻpni koʻrgan, yoshi otasidan ham katta inson turibdi, balki uning “yigitchaga” iltimosi ham yoʻqdir, aksincha, yordami tegar yoki boʻlmasa uning ishini hal qilish uchun kelgandir. Buni “yigitcha” tushunmaydi, tushunishni ham xoxlamaydi, chunki u “katta odam”. 

Yaqinda xuddi shunday holatning guvohi boʻldim. Ish yuzasidan viloyat boshqarmalaridan birining masʼul xodimi bilan uchrashdim. U meni “yoshi katta oʻqituvchi yoki tizim xodimlaridan boʻlsa kerak”, deb oʻyladi, shekilli, oʻtirgan joyida erinibgina qoʻl uzatdi. Hayron qolasan kishi, notanish kishi huzuringga kirib keldi, koʻrinib turibdi yoshi ham sendan ancha katta, otang tengidir balki, yoshi ham mayli, u balki bironta yuqori tashkilotdandir, mabodo mansabiga qarab salomlashadigan boʻlsang? Umuman olganda farqi nima? Huzuringga kelgan odam bilan, odob nuqtai nazaridan oʻrningdan turib salomlashsang, hurmatining pasayib qoladimi? Ajablanarlisi shundaki, bu “kattakon” shu tizimda maʼnaviyatchilarning rahbari ekan!

Xullas, shu kabi holatlar hayotimizda koʻp uchraydigan, keyingi paytlarda yoshlarning oʻzidan kattalarga hurmatsizligi tanqid qilinganda ushbu masala ham koʻtariladigan boʻlib qoldi. Koʻchadagi yoshlarni oʻsha joyning oʻzida tanqid qilsa boʻlar, lekin “katta lavozimdagi yigitchalar”ga kim pandu-nasihat berar ekan? 

Abduqodir Nishonov,
“Nuroniy” xayriya jamgʻarmasining 
Samarqand viloyat boʻlimi xodimi

OʻzA
733