O‘zA O`zbek

15.09.2020 Chop etish versiyasi

Katta koʻcha oʻrtasida isrof boʻlib oqayotgan suv qachon toʻxtatiladi

Katta koʻcha oʻrtasida isrof boʻlib oqayotgan suv qachon toʻxtatiladi

Andijon shahridagi “Pistamazor” jomeʼ masjidi darvozasining shundoqqina roʻparasida, katta yoʻl oʻrtasidagi quduqdan qariyb ikki haftadan buyon suv toshib, isrof boʻlib, oqib yotibdi.

Bu holat shahardagi eng katta masjid oldida xunuk manzarani yuzaga keltirib, aholi hamda avtomobillar qatnovida noqulayliklarni yuzaga keltirmoqda.

photo_2020-09-15_19-07-16.jpg

Shagʻallangan, bir tomoni masjid va qabriston, ikkinchi tomoni 3-kichik dahadagi 38-, 40- uylar joylashgan mazkur koʻchadan har kuni minglab odamlar piyoda, avtomobilda oʻtadi, bolalar maktabga, bogʻchaga qatnaydi.

Masjid xodimlarining maʼlum qilishicha, suv toshib ketayotganligi, bu yoʻlovchilarga, ibodatga keluvchilarga noqulayliklar tugʻdirayotganligi, nosozlikni tezroq tuzatish zarurligini aytib shahar “Suvoqova” idorasiga bir necha bor telefon qilishgan, hatto borib aytishgan.

photo_2020-09-15_19-07-13.jpg

Ikki kun avval “Suvoqova” xodimlari kelib, quduq atrofini kovlab ketishdi, lekin nosozlik tuzatilmadi, suv oqishi toʻxtatilmadi. Shundan buyon hech kim kelib bu ish bilan shugʻullanmayapti. Mutaxassislar goʻyo ushbu nosozlik haqida unutib qoʻyishganday. Hozirda nosoz quduqdan oqayotgan suv oqib, koʻchaning quyi qismida joylashgan 40-koʻp qavatli uyning yertoʻlasiga tushadigan holatga kelib qoldi.

Nazarimizda ushbu nosozlikni tuzatish juda ham qiyin ish emas. Faqat masʼuliyat va eʼtibor berilsa, bir ozgina hafsala qilinsa, muammo hal boʻladi. Eng asosiysi, suv isrof boʻlmaydi, yoʻlovchilar uchun ham noqulayliklar yuzaga kelmaydi. Andijon shahar “Suvoqova” idorasi mutasaddilari, mutaxassislari muammoni tez kunlarda bartaraf etish choralarini koʻradi, deb umid qilamiz.


4 478
F.UBAYDULLAYEV, Z.UMRZOQOV (foto), OʻzA