O‘zA O`zbek

20.07.2019 Chop etish versiyasi

Katta karvon yoʻldan adashmas yoxud Birinchi Prezidentimizning suyangan togʻlari

Katta karvon yoʻldan adashmas yoxud Birinchi Prezidentimizning suyangan togʻlari


Hayot sahnasida mustaqil davlatimiz – Oʻzbekistonni katta karvonga qiyos qilgim keladi.

Gʻoyat ulkan, zalvorli karvon!

Mustaqilligimiz asoschisi deya eʼtirof etilgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bu karvonga roppa-rosa 27 yil sarbonlik qildi. Dastlabki davr – 1989-1991-yillar benihoya ogʻir va xatarli damlar edi. Sobiq ittifoqda hech bir respublika rahbari oʻzi bilganicha yoki xohlaganicha siyosat yurgizishi mumkin emasdi. Karvonning jilovi Moskvada edi…

Shunday ogʻir va murakkab zamonda Islom Abdugʻanevich juda katta jasorat va siyosiy mahorat bilan Oʻzbekistonni istiqlol sari boshlab keldi.

Shu oʻrinda ikkita mulohaza.

Birinchisi, rahmatli Sharof Rashidovdan keyin Oʻzbekiston ancha yillar rahbarga yolchimay qolganini koʻrib, aziyat chekkan edik. Xudo koʻrsatmasin, oʻsha tahlikali oʻtish yillarida kunimiz nomunosib kimsalarga qolganida bormidi… Bunday mustaqil davlat, dorilomon hayotni tushimizda ham koʻrmasmidik…

Ikkinchisi, Oʻzbekistonni istiqlol sari boshlashdek gʻoyat zalvorli ishni birgina shaxs bilan bogʻlamasligimiz kerak. Bitta shaxs hamma muammoni yolgʻiz oʻzi hal etolmasligi kunday ravshan. Respublika yetakchisi boʻlgan Islom Karimov atrofida, qolaversa, Qoraqalpogʻistondan tortib barcha viloyatlarda yuzlab rahbar-kadrlar, mutasaddilar, deputatlar, ziyolilar, yozuvchi-shoirlar ham yeng shimarib kurashganlarini yaxshi bilamiz. Faqat, mustabid tuzum davridan qolgan aqida: jamiyatdagi barcha islohotlar, bunyodkorlik va boshqa yutuqlarni birinchi shaxs nomi bilan ulugʻlab gapirish “odati” qolmagandi.

Demak, hayot haqiqati shu: barcha muvaffaqiyatlarni ham, xato-kamchiliklarni ham bitta shaxs nomi bilan bogʻlamasligimiz kerak.

Istiqlolga erishgach, faxrlansak arziydigan yutuqlarimiz koʻpayib borardi. Faqat, bu bunyodkor xalqimizning mehnatlari evaziga boʻlayotganini, har bir soha yetakchisining ulushi, hissasi qay darajada boʻlayotganini aytish “odati” yoʻq edi.

Aytaylik, mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirishda Ismoil Joʻrabekovning xizmatlari qanchalik ulkanligini yaxshi bilardik. Oddiy odamlar orasida u kishi haqida “Prezidentning eng ishongan kadri” degan fikr yurardi. Biroq, bu ulugʻ siymoni ibrat qilib koʻrsatadigan biror ocherk yoki maqola yozilganini bilmayman.

Yana bir ulugʻ siymo – Boʻritosh Shodiyevani ham butun xalqimiz yaxshi bilar, hurmat qilar, koʻpchilik haqli ravishda faxrlanardi. 1999-2000-yillarda men Oliy Majlis binosi birinchi qavatida joylashgan Markaziy saylov komissiyasi Matubot guruhida faoliyat koʻrsatgan davrimda koʻp deputatlar faoliyatini yaqindan oʻrganib, hatto “Oʻzbekistonda qonun chiqaruvchi hokimiyatning jamoatchilik bilan aloqalari va ommaviy axborot vositalari” degan mavzuda nomzodlik dissertatsiyasi ham yozib, himoya qilganman. Oʻsha kezlarda Oliy Majlis raisining oʻrinbosari lavozimida faoliyat koʻrsatgan Boʻritosh Shodiyeva haqida ham oddiy odamlar “Prezidentning eng ishongan kadri” degan fikrda edilar. Afsuski, bu fidoyi opa haqida ham esda qoladigan ocherk oʻqimadim.

Vatan tarixi – shaxslar faoliyati bilan payvastadir. Demak, biz qaysiki davr haqida yozmaylik, soʻz yuritmaylik, albatta, oʻsha paytda kim nima ishni qoyil qilgani haqida ham xolis fikr yuritmogʻimiz lozim.

Kezi kelganda shunday siymolar haqida “Vatan arboblari” degan turkum ocherklar yozgim keladi va albatta yozaman ham!

Hozirgi katta avlod shuurida bir gʻalati hol “muhrlanib” qolgan. Birinchi rahbarni tirigida maqta, oʻlganidan keyin yomonla! Bu “anʼana” sobiq mustabid tuzum davrida “ijtimoiy voqelik” sifatida ongimizni “zabt” etdi. Stalinni qoralashdi, keyin Xrushchev, Brejnev, Andropov, Chernenkolarni oʻlganidan keyin yomonotiq qilishdi.

Oʻzbekistonda ham vafotidan keyin Sharof Rashidovning qabrini bezovta qilishgacha borishdi… Uni “sharofrashidovchilik” deya kimoʻzarga yomonlaydiganlar urchib ketdi.

Hayot haqiqatini qarangki, oʻzbek xalqining buyuk farzandi, ulugʻ davlat va jamoat arbobi boʻlgan Sharof Rashidovning nomi barhayot siymolar qatorida tarix zarvaraqlariga bitildi. Oʻshanda akillagan kimsalar karvon ortidan hurib qolgan itdek oʻtmish chang-toʻzonlarida qolib ketdi!

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafotidan keyin xalqimiz yana shunday sinovlarni boshidan kechirmoqda. “Qoralash boshlansa” ustamonlar tosh otishga payt poylab turishgani sir emas… Kimnidir yomonlab, kimgadir yaxshi koʻrinaman, deydiganlardan hech qachon yaxshilik chiqmaydi.

Mard va olijanob Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻz vaqtida Birinchi Prezidentimiz faoliyatiga bergan eng xolis siyosiy bahoni butun xalqimiz juda qoniqish bilan qabul qildi. Bu haqda yana bilishni istaganlar davlatimiz rahbarining “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” (“Oʻzbekiston”, 2017-yil), “Milliy taraqqiyot yoʻlimizni qatʼiyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga koʻtaramiz” (1-jild. “Oʻzbekiston”, 2017-yil), “Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir” (2-jild. “Oʻzbekiston”, 2018-yil) deb nomlangan kitoblaridan teran nigoh ila oʻqib olishlari mumkin.

Tagsarlavhamizni “Birinchi Prezidentimizning suyangan togʻlari” deb yozgan edik. Xoʻsh, oʻsha togʻlar kimlar edi, degan savolga endi muxtasar javob aytsak boʻladi. Yuqorida soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv boʻlgan ikki siymo nomini tilga olgan edik. Agar roʻyxatni ulardan boshlasak, bu yogʻi mubolagʻasiz – yigirma milliondan oshishi aniq! (Bu roʻyxatga hali ona suti ogʻzidan ketmagan yoshlarni sunʼiy ravishda kiritmadik). Ular – 1989-yilda voyaga yetib, es-hushini tanigan avloddan tortib bugungi kungacha yurt ravnaqi yoʻlida halol mehnat qilib kelayotgan zamondoshlarimizdir.

Toʻgʻri, 27 yil mobaynida koʻp ishlar qilindi. Biroq, qilishimiz zarur boʻlgan ishlarimiz undan-da koʻproq edi. Qaysidir mutasaddilarning loqaydligi bilan qator sohalarda turgʻunlik holati yuz berib, muammolar urchib ketgan. Mansabini suiisteʼmol qilib, jinoyat botqogʻiga botganlar, korrupsiyani avj oldirganlar ham kam emas. Bu masalada ayon haqiqat shu: har kim oʻzi uchun javob beradi! Har bir jinoiy ishga qoʻl urgan mutsaddi qilmishiga yarasha oʻzi javob berishi shart.

Shundoq islohotlar izchil davom etayotgan bir pallada jamiyatimiz hayotini yanada murakkablashtirishga, odamlarda norozi kayfiyat uygʻotishga chiranganlar Birinchi Prezidentimizning ruhini bezovta qilishga urinmoqda…

Shukrki, yurtimizdan millat gʻururini, oʻtgan ajdodlar ruhini toptaydigan nomard chiqqani yoʻq! Hech qachon chiqmasa ham kerak! Faqat, yurtdan oʻzlaricha bosh olib ketgan toʻrt-beshta alamzada ijtimoiy tarmoqlar orqali bearmon yomonlab kelmoqda. Ularga nisbatan yurtimizda “It hurar, karvon oʻtar” maqoliga monand munosabatda boʻlib kelinmoqda. Ular ming yomonlamasin, rahmatli Birinchi Prezidentimiz yomonotliq boʻlib qolmaydi! Qolaversa, inson shaʼni qonun bilan himoyalanishini ham unutmaslik kerak. Har kim oʻz qilmishi, nojoʻya gap-soʻzlari uchun bu dunyoi u dunyo javob berishi azaliy hikmatdir.

Aslida, ularning oʻzlari shu yurt, el uchun nima karomat koʻrsatgan ekan, degan savolni dangal beradigan davr keldi. Xoʻsh, siz oʻz manfaatingizdan boʻlak bu yurt uchun qanday ishni qoyil qildingiz?

Xoʻsh, oʻtib ketgan siymoni yomonlayotganlarning oʻzlari yaxshi odamlarmi? Oʻzlari yaxshi boʻlganida oʻtib ketgan insonni yomonlarmidi? Haqiqiy yaxshi inson hatto yomonni ham yomonlamaydi, degan hikmatga amal qilishmaydimi? Ularning gapiga ishonganlar nimaga erishishi mumkin? Aqlli insonlar umuman birovga tosh otmaydi, oʻtganning orqasidan yomonlamaydi, vassalom.

Ming qatla shukrki, kunimiz sizdaqalarga qolmagan!

Oʻzbekistonda sizlardan ming chandoq aqlliroq, farosatli, maʼnaviy yuksak insonlar sonmingta! Ularning har biri oʻsha 27 yil mobaynida oʻz burchini halol bajarib, jamiyat ravnaqiga baholi qudrat oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.

Sizchi?! Soddadil yoshlarni ongini zaharlashdan boshqa nimaga erishdingiz?

Oʻsha murakkab davrni oʻz koʻzi bilan koʻrib, ulkan bunyodkorlik ishlarida javlon urgan katta avlodga mansub kishilar sizning fisqu-fasodingizni sariq chaqaga olgani yoʻq va olmaydi ham!

Jurnalistik kuzatuvim va oʻzimga yarasha fikrimga ega ijodkorman. Oʻtgan davr mobaynida jamiyatimizda yuz bergan salbiy holatlar, korrupsiya va boshqa illatlar haqida ham yaxshi bilaman.

Yillar mobaynida paydo boʻlgan muammolarni ijobiy hal etishga dadil kirishgan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning islohotlarini butun xalqimiz sidqi-dildan qoʻllab-quvvatlamoqda! Davlatimiz rahbarining salbiy illatlarga qarshi kurashdagi matonatiga hamma birdek tan bermoqda.

Biz jamiyat hayotiga daxldor biror xatoni toʻgʻrilash yoki muammoni hal etish barobarida kimnidir yomonotliq qiladigan millat emasmiz.

Nima boʻlsa asli naslida boʻlgan, deganlaridek, bugun oʻtgan rahbarimizni yomonlaydiganlarning qoni shunaqa ekanligi ayon. Yomonlash ularning genida – urugʻida boʻlsa ajabmas. Ularning ota-buvasi bizning buyuk ajdodlarimizni yomonlab oʻtgan. Ertaga bugungi Vatan fidoyilarini xuddi shu zaylda yomonlashi shubhasiz. Shu oʻrinda quyidagi hikmatli satrlarni yodga olish oʻrinlidir:

Illat izlaganga illatdir dunyo,

Gʻurbat izlaganga gʻurbatdir dunyo.

Kim neni izlasa, topgay begumon,

Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo.

Yuqorida oʻzim yaxshi tanigan, bilgan ikki ulugʻ siymoning nomlarini bekorga tilga olmadim. Soʻnggi paytlarda baʼzi ijtimoiy tarmoqlarda ular shaʼniga boʻlmagʻur gaplar yozilayotganini koʻrib hayron qoldim.

Ismoil Joʻrabekov bilan suhbat qilgan jurnalist hamkasbimiz maqolasiga “Koʻprik yoxud Prezidentning bajarilmagan topshirigʻi” deya sarlavha qoʻyishidan maqsadi – shov-shuvga oʻchroq oʻquvchilarning eʼtiborini qozonish boʻlgani sezilib turibdi-ku.

Boʻritosh Shodiyeva bilan suhbat qilgan hamkasbimiz ham “Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning maxfiy topshirigʻi” deb sarlavha qoʻyish bilan qanday maqsadni koʻzlagani ayondir.

Har ikkala suhbatda ham Birinchi Prezidentimizning Oliy bosh qoʻmondon sifatidagi qirralari oʻziga xos ravishda ochib berilgan xolos. Oʻsha davrda uning suyangan togʻlari boʻlgan siymolar ham biror salbiy gap aytishmagan.

Ikkala suhbat ham endigina mustaqil davlat sifatida qaddini rostlayotgan Oʻzbekistonimizni yovuz kuchlardan asrash yoʻlida yuz bergan voqealar haqida. Oʻsha davrdagi Oliy bosh qoʻmondonimizning harbiy taktikasi xotirlangan xolos. Bu mavzu hamma uchun qiziqarli, albatta. Biroq, bu gaplardan biror fojia yasashga hojat yoʻq-ku.

Ilgari bunday mazmundagi maqola yo suhbatlar xorijiy saytlarda yoritilar va goʻyo ular “qahramon”ga aylanishardi. Soʻz erkinligi keng quloch yozayotgan soʻnggi yillarda OʻzA undanda dadil mavzulari bilan axborot maydonini zabt etayotgani quvonarli hol. OʻzAni hamma birdek kuzatib turganini https://www.facebook.com da hozirjavoblik bilan yoritilayotgan munosabatlardan ham bilsa boʻladi. Koʻp shovvozlar OʻzAni manba sifatida koʻrsatgan holda fikrnomalarini bayon etishayotir. Bu fikrlar, munosabatlar orasida xalqchil, haqqoniy mulohazalar ham kam emas. Baʼzilarini oʻqib, milliy uygʻoqlik, vatanparvarlik tuygʻularini his etayotganlarga tasanno aytging keladi. Demak, ona Vatanimiz taqdiriga befarq qaramaydigan fidoyilar koʻpligidan xursand boʻlasan. Biroq, mudom suvni loyqalatishni “kasb” qilib olgan ayrim kimsalar bilib-bilmay, oʻylamay-netmay, mavzuning mohiyatiga uncha tushunmay oʻzgalarga loy chaplayotganlari juda taajjubli holdir. Umrini el-u yurt xizmatiga baxshida etib kelayotgan davlat va jamoat arbobi Boʻritosh Shodiyeva shaʼniga toʻgʻri kelmaydigan baʼzi gaplarni oʻqib, ochigʻi, juda ranjidim. Zamonamiz Toʻmarisi deya eʼzozlashga munosib boʻlgan hurmatli opamizni sadoqat timsoli, degim keladi. Uning sadoqatini ona Vatani, xalqi, koʻp yillar bir safda faoliyat koʻrsatgan Birinchi Prezidentimiz va hamkasblariga boʻlgan hurmat-eʼtibori misolida ham koʻrish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda rosa shov-shuv qilsak boʻladigan yana bir qiziq mavzu chiqib qoldi. Mazkur maqolamning dastlabki variantini saytimizda yoritgan kunim yoshi saksonga yaqinlashayotgan hurmatli ustozlarimdan biri menga qoʻngʻiroq qildi:

– Hammaning dilidagi gaplarni yozibsiz,– dedi avval tabriklagan boʻlib. Keyin xomush ohangda davom etdi.– Afsuski, baʼzilar suvni loyqalatishga, hamma yoqni algʻov-dalgʻov qilishga urinayotganga oʻxshaydi. Uyalmay-netmay mening huzurimga kelib, nima deydi deng: “Birinchi Prezidentimizning xatolarini fosh qiladigan, qoralaydigan davr keldi. Ana, falonchi-pismadonchilar bilganlarini aytdi. Siz ham uning yonida koʻp yurgansiz. Xatolari haqida intervyu bering yoki oʻzingiz yozasizmi?” Kutilmagan bu gap menga qattiq zarbadek taʼsir qildi…

– Oʻsha odamning kimligini aytsangiz, oʻzim bir gaplashib koʻrardim,– dedim bosiqlik bilan.– Qani maqsadlari nima ekan?..

– U bilan suhbatimiz oxiriga yetmadi,– dedi suhbatdoshim endi joʻshqin bir ohangda.– Oʻzim bir oʻrganay-chi, keyin, kerak boʻlsa boplab adabini beramiz!

Demak, masala ravshan. Yuqoridagi suhbatlarni uyushtirishlari va intervyu berganlarni ijtimoiy tarmoqlarda yomonotliq qilishlari ham tasodifiy emas. Katta yoshdagilarning qoʻli bilan Birinchi Prezidentimizga tosh otish, keyin internetda kimligini tanib boʻlmaydigan kimsalar nomidan bugungi millat yetakchilarini yomonotliq qilish rejasi puxta ishlab chiqilganga oʻxshaydi…

Ey, millatim, elim, yurtim degan aziz zamondoshlar! Mafkura maydonida koʻzni yanada kattaroq ochadigan, chinakam ogoh boʻladigan, qoʻlni qoʻlga mahkam berib Vatan shaʼni uchun kurashadigan zamon kelibdi!

Bu kurashda ogʻir-vazminlik va oqillik bilan ish tutganlar gʻolib boʻladi. Millatini, gʻururini, oʻtmishdoshlarini toptashga yoʻl qoʻymaydiganlarning qoʻli balandroq keladi.

Oriyatli insonlar Vatan uchun jonini baxshida etib ketganlarning qadriga yetadigan mard va joʻmard boʻladilar. Ular hech qachon oʻz manfaatlari uchun kechagi kuniga, oʻz burchini bajarib ketgan Birinchi Prezidentiga tosh otishlariga aslo yoʻl qoʻymaydi!

Bugun nomardlik qilayotgan ayrim buzgʻunchilardan esa hech qachon yaxshilik kutib boʻlmaydi.

Globallashgan zamonda biz yon-verimizga, kerak boʻlsa, butun dunyoga teran nigoh ila boqishimiz lozim. Xoʻsh, bugun qaysi mamlakatda oʻtib ketgan rahbarini qoralab, nomini bulgʻab yashayotgan ekanlar? Oʻtganlarga tosh otib baraka topgan bormikin bu dunyoda?

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning Jorj Vashingtondan yo Mustafo Kamol Otaturkdan qayeri kam?

Mustaqil davlati asoschisi boʻlgan ulugʻ siymolarining qadrini bilgan, nomini sharaflagan AQSH va Turkiya bugun havas qilsa arziydigan davlatlarga aylandimi, demak, biz ham shunday tajribadan andoza olib yashasak maqsadga muvofiq boʻlur edi.

Bugun rivojlangan davlatlar qatoridan oʻrin olayotgan Oʻzbekistonimizning hayot karvoni gʻoyat zalvorli. Bu buyuk karvon hech qachon toʻgʻri yoʻldan adashmaydi. Ziyolilarimiz, millat fidoyilari oʻtmishiga hurmat bilan qaraydi, oʻtib ketgan ulugʻ siymolariga tosh otishlariga yoʻl qoʻymaydi!

Katta karvon ulugʻ maqsadlar sari olgʻa qadam tashlar ekan, unga yoʻldosh mard va olijanob insonlarning gʻururi, oriyati va maʼnaviyati ham shunga yarasha boʻladi.

Toʻlqin ESHBEK,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi


9 927
O'zA