O‘zA O`zbek

14.08.2018 15:22 Chop etish versiyasi

Kassa operatsiyalari yuritish tartibini buzishga oid ishlar sezilarli oshgan

Kassa operatsiyalari yuritish tartibini buzishga oid ishlar sezilarli oshgan
Joriy yilning 6 oyi mobaynida Toshkent viloyati Ma’muriy sudlari tomonidan soliq solinadigan obyektlarning hisobini olib bormaslik, kassa operatsiyalarini yuritish tartibi va to‘lov intizomini buzishga oid ko‘rilgan ishlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 81 foizga oshgan.

Prezidentimizning 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“ gi farmoniga muvofiq, 2017-yil 1-iyundan ma’muriy sud ish yurituvi sohasida alohida sud tizimi tashkil etilgan edi.

Ayni paytda ma’muriy sudlar tomonidan ikki toifadagi ishlar, ya’ni davlat va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mazkur tizim mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari ustidan berilgan, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan shikoyat va arizalar hamda ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ko‘rib chiqilmoqda.

– Yakuniga yetgan yarim yillikda ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 718 ta ma’muriy ish ko‘rib, tamomlandi, – deydi viloyat Ma’muriy sudi raisi Murodjon Abubakirov. – Ulardan 372 tasi qanoatlantirilib, 206 tasi rad etilgan. 77 tasi ish yuritishdan tugatilgan. Yana 63 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat, tuman va shahar ma’muriy sudlariga shu davrda 20 ming 22 nafar shaxsga nisbatan 17 ming 295 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar kelib tushgan. Sudlar tomonidan ko‘rib, tamomlangan ishlar bo‘yicha 9 ming 220 nafar shaxsga nisbatan jarima, 3 ming 652 nafariga nisbatan maxsus huquqdan mahrum qilish, 784 nafariga nisbatan esa ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ko‘rib chiqilgan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarning 3 ming 242 tasi ayollar, 69 tasi voyaga yetmaganlar, 921 tasi 60 yoshdan oshganlar, 535 tasi chet el fuqarolari, 411 tasi fuqaroligi bo‘lmaganlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ma’muriy sudlar tomonidan joriy yilning 6 oyida ko‘rilgan ma’muriy ishlar bo‘yicha 6 milliard 866 million 836 ming so‘mlik 5 ming 374 ta ijro hujjatlari ijro byurolariga yuborilgan.

Avazbek Xudoyqulov, O‘zA
2 402