Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2017 19:31 Chop etish versiyasi

Kasb-hunar kollejida hunarmandlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi

Poytaxtimizdagi Uchtepa milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejida “Hunarmand” uyushmasi tashabbusi bilan “Milliy hunarmandchilikni yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilishda “ustoz-shogird” maktablarining o‘rni” mavzuida tadbir tashkil etildi.

Respublika “Hunarmand” uyushmasi tomonidan mamlakatimizda hunarmandchilik va xalq amaliy san’atini yanada rivojlantirish, yosh hunarmandlarga erkin faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, yaratilgan badiiy ijod namunalarini nafaqat yurtimizda, balki xorijiy davlatlarda ham namoyish etish borasida samarali ishlar qilinmoqda.

Muloqotda Yoshlar ittifoqining yetakchilari, O‘zbekiston xalq ustalari, “ustoz-shogird” maktablarida tahsil olib, hunar o‘rgangan yosh hunarmandlar, kollej o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.

Kollej o‘quvchilari va yosh hunarmandlarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi, mahorat saboqlari o‘tkazildi. Ko‘rgazmada yog‘och o‘ymakorligi, miniatyura, zardo‘zlik, zargarlik, milliy liboslar, kulolchilik kabi yigirmadan ortiq yo‘nalishlardagi amaliy san’at mahsulotlari namoyish etildi.

– Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan hunarmandlarning 20 mingga yaqini uyushmamiz a’zosi hisoblanadi, – deydi “Hunarmand” uyushmasi rahbari Akobir Hakimov. – O‘tgan yillar davomida uyushmamiz tashabbusi bilan 5 mingga yaqin hunarmand o‘z ustaxonalarida “ustoz-shogird” maktablarini tashkil etdi. Natijada 12 mingga yaqin yosh hunar sirlarini o‘rgandi.

Tadbirda yoshlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob berdi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
903






Все о погоде - Pogoda.uz