Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.09.2017 21:23 Chop etish versiyasi

Kasaba uyushmalari – xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasida Rossiya mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Mixail Shmakov rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi aloqalar barcha sohalarda izchil rivojlanayotir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil aprel oyida Rossiyaga davlat tashrifi bu munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Rossiya mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad ijtimoiy sheriklik va muloqotni yanada rivojlantirish, ikki davlat kasaba uyushmalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yangi istiqbollarni belgilashdan iboratdir.

Uchrashuvda O‘zbekistonda aholining turmush farovonligini yuksaltirish, inson omiliga ustuvor ahamiyat qaratish borasidagi sa’y-harakatlarda jamoat tashkilotlari, jumladan, Kasaba uyushmalari federatsiyasi faol ishtirok etayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida imzolangan Bosh kelishuv, uning asosidagi tarmoq, hududiy kelishuvlar, korxona va tashkilotlardagi jamoa shartnomalari orqali xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

– Odamlar manfaatini ifodalash borasida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan amaliy ishlar O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘lidagi ulkan va muhim qadamdir, – deydi Rossiya mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi M.Shmakov. – Ayni maqsadlar kasaba uyushmalarining maqsad-muddaolariga hamohang ekani e’tiborga molik. Mamlakatlarimiz kasaba uyushmalari o‘rtasidagi hamkorlikning tobora kengayishi tashrifimizning boy va qiziqarli dasturida o‘zining yaqqol ifodasini topdi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari mamlakatimizda turli sohalarda olib borilayotgan islohotlar va ularning natijalari, yurtimiz kasaba uyushmalari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari bilan atroflicha tanishtirildi. Kelgusida o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash, yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama etildi. Toshkentda Rossiya mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi filialini tashkil etish, O‘zbekiston kasaba uyushma faollari uchun mazkur Akademiyada o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarining muhimligini inobatga olgan holda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi va Rossiya mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

Mehmonlar poytaxtimizdagi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatri bilan tanishdi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 120






Все о погоде - Pogoda.uz