O‘zA O`zbek

13.12.2017 11:49 Chop etish versiyasi

Karmanada xususiy klinika ochildi

Karmanada xususiy klinika ochildi Navoiy viloyatining Karmana tumanida “Grand Medical center” xususiy oilaviy klinikasi ish boshladi.

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorning rolini oshirish, xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini rivojlantirish va aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar bermoqda. Prezidentimizning 2017-yil 1-apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

11.JPG

Zamonaviy klinikada 6 yo‘nalishda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. 20 nafar tibbiyot xodimi mehnat qilayotgan muassasa xorijdan keltirilgan zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.

13.JPG

– 12-dekabr kuni Prezidentimiz raisligida tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ham sog‘liqni saqlash tizimida sektorning o‘rnini kengaytirish, uni har tomonlama rivojlantirishga yana bir bor e’tibor qaratildi, – deydi “Grand Farm Avitsenna” va “Grand Medical center” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari direktori G‘olib Karimov. – Davlatga qarashli va xususiy tibbiyot muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllangani ta’kidlandi. Klinikamizga malakali mutaxassislar jalb etilgan, Ayniqsa, xorijlik mutaxassislar va poytaxtimizdagi malakali shifokorlar o‘rtasida doimiy hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani aholi salomatligi yo‘lida muhim omil bo‘lmoqda. Mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalariga yaratilgan imtiyozlardan foydalanib, nol foiz stavkasi bilan 3 yil muddatga 120 ming dollar kredit olib, xorijdan so‘nggi rusumdagi tibbiy jihozlar keltirdik. Ayni paytda bu yerda yurtimizning markaziy tibbiyot muassasalari shifokorlari aholini tibbiy ko‘rikka jalb etib, zarur muolajalar ko‘rsatmoqda. Endi Hindistonning “Apollo” klinikasi shifokorlarini markazimizga taklif etib, aholini malakali ko‘rikdan o‘tkazish, mahalliy mutaxassislar bilan mahorat darslari o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Zamon talablaridan kelib chiqib, maxsus fitobar faoliyatini ham yo‘lga qo‘ydik.

20.JPG

Klinikada operativ bo‘lim tashkil etish, pirovardida qo‘shimcha 15 ish o‘rni yaratish ham mo‘ljallanmoqda.

5.JPG

– Yangi shifoxonaga kelib, zarur maslahatlar oldim, – deydi Zarafshon shahrida yashovchi Chaman Xayrullayeva. – Yetti yildan buyon qon bosimi bezovta qilardi. Poytaxtdan kelgan malakali shifokor ko‘rigidan o‘tib, kerakli muolajalarni olayapman. Maslahatlari menga juda ma’qul, ayniqsa, klinikadagi sharoitlar havasimni keltirdi.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA
16 128