Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.10.2017 16:39 Chop etish versiyasi

Karmana tumanida yoshlar va kitobxon oila targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining “Intellektual salohiyatli yoshlar – O‘zbekistonning yorug‘ kelajagi” granti loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish borasidagi ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Tumanning Beshkent mahallasida yashovchi Samandar Qobulov o‘z xonadonida shaxsiy kutubxona tashkil etgan. 3 ming 500 nomdagi adabiyotlar jamlangan kutubxona doim yoshlar bilan gavjum. Bu yerda badiiy, siyosiy, tarixiy, ilmiy, diniy va boshqa mavzulardagi asarlarni mutolaa qilish mumkin. Mahalla hududidagi 5-umumta’lim maktabi o‘quvchilari bo‘sh vaqtida ushbu kitobxon oilaga tez-tez kelishadi.

– Oilaviy muhit sabab bolaligimdan kitobga mehr bilan kamol topdim, – deydi S.Qobulov. – Otam xizmat safari yoki ish bilan biror joyga borsa, bizga o‘yinchoq emas, sovg‘a sifatida kitob olib kelardi. Hozir ham o‘qigan asarlarimizni oila davrasida muhokama qilib turamiz. Nevaralarim ham uy kutubxonamizdan samarali foydalanadi. Ularda kitobga mehr uyg‘otish maqsadida tez-tez shunday fikrni ta’kidlayman: kitobning mehri, joni, hidi bor, u bilan do‘st tutingan hech qachon kam bo‘lmaydi.

Uchrashuvda yoshlar o‘zlari o‘qigan asarlar haqida, kitobxonlik bo‘yicha o‘tkazilayotgan tanlov va tadbirlarda muntazam ishtirok etayotgani xususida so‘zlab berdi.

Tadbirda tashkilotchilar tomonidan uy kutubxonasiga asarlar to‘plami, o‘quvchilarga o‘quv qurollari sovg‘a qilindi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
1 480






Все о погоде - Pogoda.uz