O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Karantinga olinganlar uchun shifoxonalar qurilmoqda

Karantinga olinganlar uchun shifoxonalar qurilmoqda
Oʻzbekistonga koronavirus ommaviy kirib kelishi va keng tarqalishining oldini olish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi tuzilgan edi. Joriy yil 19-mart kuni Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ham qabul qilindi. 

Unga muvofiq, Moliya vazirligi huzurida 10 trillion soʻm miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etildi. Jamgʻarma mablagʻlari yuqumli kasalliklarni aniqlash, profilaktika qilish, davolash va boshqa muassasalarni qurish, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, jihozlar bilan taʼminlashga sarflanadi. 

Koronavirusga qarshi kurashish uchun koʻplab davlatlar tez fursatlarda kasalxonalar qurmoqda va bu oʻzini oqladi. 

Maʼlumki, Prezidentimiz topshirigʻi bilan hamyurtlarimiz koronavirus tarqalgan davlatlardan olib kelinmoqda. Ular belgilangan muddatda karantinda saqlanadi. Bu hamyurtlarimiz karantin davrida maxsus obyektlarda yashashi, agarda xavfli virus aniqlangan taqdirda davolanishi uchun qulay va barcha sharoitlarga ega shifoxonada boʻlishi kerak. 

Shu maqsadda Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida karantin muassasasini bunyod etishga kirishildi. Bu maskanga xorijdan charter reyslari orqali olib kelinayotgan vatandoshlarimiz joylashtiriladi. 

Ayni paytda kommunikatsiya tarmoqlari – gaz, suv, elektr liniyalari tortilmoqda. Tez orada muassasaga xorijdan kelgan vatandoshlarimiz joylashtiriladi. 

Bu yerda fuqarolar uchun barcha sharoitlarni yaratishga hozirlik koʻrilmoqda. Muassasa konteynerlardan qurilmoqda. Konteynerlarning tom qismida maxsus izolyatsiya materiali oʻrnatilgan boʻlib, u konteyner ichida zarur mikroiqlimni yaratishga koʻmak beradi. Xonalarning har biri hojatxona, dush, issiq va sovuq suv, isish, sovutish moslamalari hamda televizor bilan jihozlanadi. Har bir fuqaro 27 turdagi shaxsiy gigiyenik vosita bilan taʼminlanadi. 

Shuningdek, Zangiota tumanida ham 10 ming oʻrinli maxsus shifoxona qad rostlamoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, uning loyihasi 3 kunda tayyor boʻlgan. U ikkita blokdan iborat. Binolar yengil konstruksiyalar asosida qurilmoqda. 

Maqsad mamlakatda kasallik tarqalishining oldini olish, mavjud vaziyatga barham berish. Buning uchun imkoniyatlar yetarli.



773
Xurshid Qodirov, Yoqub Meliboyev (video), OʻzA