O‘zA O`zbek

23.03.2020 Chop etish versiyasi

Karantin vaqtida kommunal toʻlovlar uchun jarima va penyalar joriy etilmaydi, sudga daʼvo arizalari kiritilmaydi

Karantin vaqtida kommunal toʻlovlar uchun jarima va penyalar joriy etilmaydi, sudga daʼvo arizalari kiritilmaydi

Mamlakatimizdagi bugungi vaziyat barcha tashkilotlar uchun ham katta masʼuliyat yuklaydi, hamjihatlikda ishlashni, bir-birimizni qoʻllab-quvatlashni talab qiladi.

Shunday vaziyatda Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi aholiga qulaylik yaratish borasida qanday tadbirlarni amalga oshirmoqda?

Bugun uy-joy kommunal xizmat xizmat koʻrsatish vaziri oʻrinbosari Nazirjon Nazirov “UzReport TV” telekanalida oʻtkazilgan onlayn brifingda bu haqda atroflicha maʼlumot berdi.

– Karantin sharoitida Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tasarrufidagi hududiy kommunual xizmat koʻrsatish boshqarmalari, suv va issiqlik taʼminoti korxonalari barqaror faoliyat yuritmoqda, – dedi N.Nazirov. – Aholiga kommunal xizmat koʻrsatish, ichimlik suvi va issiqlik energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash uchun barcha choralar koʻrilgan. Suv taʼminoti korxonalari kuchaytirilgan ish rejimiga oʻtkazilgan. Respublikamizda 45 suv tozalash, 10570 suv olish, 477 guruhli suv olish, 1000 dan ortiq suv taqsimlash inshootida ichimlik suvi xlor yoki ultrafiolet nurlari bilan zararsizlantirilmoqda. Ichimlik suvi aholiga gigiyena talablariga mos ravishda yetkazib berilmoqda.

Mamlakat boʻyicha 196 mingta ichimlik suvi namunalari olinadigan nazorat shoxobchasi tashkil etilgan. Suv taʼminoti inshootlari, sanitariya muhofaza qilish zonalari doimiy kuzatuvda. Ichimlik va oqova suvlarni zararsizlantirish uchun zarur xomashyo yetarli. Jumladan, 170 tonnadan ortiq suyuq xlor va gipoxlorid jamgʻarilgan.

Markazlashgan tizimga ulanmagan aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasi ham talab darajasida tashkil etilmoqda. Xususan, 1735 olis aholi puktiga, 1100 dan ortiq ijtimoiy muassasa obyektiga toza ichimlik suvi yetkazish maqsadida 2 mingga yaqin maxsus texnika jalb etilgan.

Vazirligimiz sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda ichimlik suvi, kanalizatsiya tizimlari bilan bogʻliq yuzaga kelishi mumkin boʻlgan turli holatlarda barcha hududlarda tashkil etilgan dispetcherlik xizmatlari va navbatchi avariya guruhlari telefon raqamlari eʼlon qilingan. Ichimlik suvi taʼminoti boʻyicha yuzaga kelgan muammolar boʻyicha vazirlikda tashkil etilgan “1184” qisqa raqamli telefonga murojaat etish tavsiya etiladi.

Karantin paytida tegishli tashkilotlar bilan birgalikda koʻp qavatli uylarni, ularga tutash hududlarni dezinfeksiya qilish choralari ham koʻrilmoqda.

Shu kunlarda xalqimizni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ichimlik suvi, oqova suv va issiqlik taʼminoti korxonalari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarga kechiktirilgan toʻlovlar uchun jarima va penyalar joriy etilmaydi. Qarzdor isteʼmolchilar boʻyicha sudlarga daʼvo arizalari kiritilmaydi. Isteʼmolchilar suv va kanalizatsiyalar tarmoqlaridan uzilmaydi.

2 304
Nasiba Ziyodullayeva tayyorladi, OʻzA