O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Karantin kunlarida ham ishlab chiqarish quvvatlari toʻliq amalga oshiriladi

Karantin kunlarida ham ishlab chiqarish quvvatlari toʻliq amalga oshiriladi Prezidentimizning 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshiriladigan ishlar mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.

Bu jarayon iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashi, tashqi iqtisodiy faoliyatni ragʻbatlantirish, aholini samarali ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda yurtimiz aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni qamrab oladi.

Ushbu talablar Energetika vazirligiga qarashli “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxona va tashkilotlarning uzluksiz faoliyat koʻrsatishiga muhim asos boʻlib xizmat qilmoqda. Mazkur jamiyat va unga qarashli korxonalar “COVID-19” infeksiyasi tarqalishining oldini olish, elektr energiyasi ishlab chiqarishni belgilangan quvvatlarda amalga oshirish boʻyicha bir qator ishlarni amalga oshirmoqda.

Aksiyadorlik jamiyati tomonidan mazkur farmon ijrosini toʻliq bajarish, karantin kunlarida aholining sifatli elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qondirish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasi subyektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash, elektr energiyasi ishlab chaqarish quvvatlari barqarorligini saqlashga alohida eʼtibor berilmoqda.

– Maqsadimiz shunday sinovli kunlarda xalqimizning elektr energiyaga boʻlgan ehtiyojini qondirish va uning uzluksizligini taʼminlashdir, – dedi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi Ruslan Mubarakshin. – Jamiyatimiz oʻz tizimidagi korxona va tashkilotlarda zaruriy chora-tadbirlarni olib bormoqda. Tezkorlik bilan ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha shtab tashkil etildi. Hozirgi vaqtda bir sutkada oʻrtacha hisobda tizim korxonalari tomonidan 170 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqilmoqda. Rejaga asosan karantin kunlarida ham ishlab chiqarish quvvatlari toʻliq amalga oshiriladi. Shu bilan birgalikda, tizimdagi ishchi-xodimlarning salomatligini asrash, ularga maqbul sharoitlar yaratishga katta ahamiyat qaratilgan. Masalan, barcha tashkilotlarda boʻlgani kabi aksiyadorlik jamiyati tizimi jamoasining ishlash tartibi qonunchilikka mos tashkil etildi. Bugungi kunda ularning ayrimlariga mehnat taʼtili berilgan boʻlsa, bir qismi masofadan turib oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. Ishning uzluksizligini taʼminlash maqsadida ishchi-xodimlarga maxsus mashinalar xizmati ham yoʻlga qoʻyildi.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarga yana-da jiddiy eʼtibor qaratish yoʻlida muhim huquqiy asos boʻldi.

Mazkur qarorda koʻrsatilgan tartibga muvofiq, korxonalarda ishchi-xizmatchilar uchun qoʻshimcha sharoit yaratish, ularning salomatligini muhofaza qilish bosh maqsadga aylandi.

Ayni kunlarda tizimdagi ishlab chiqarish obyektlarida dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda. “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va uning korxonalari tomonidan qoʻshimcha 20 ming dona tibbiy niqob tayyorlanib, xodimlarga tarqatildi. Xodimlar obyektlarga belgilangan tartibdagi tibbiy koʻrikdan soʻng kiritilmoqda. Korxonalar hududiga kirib-chiqish punktlarida teplovizorlar bilan taʼminlangan postlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Stansiyalardagi tibbiyot boʻlimi xodimlari tomonidan sex uchastkalarida xodimlarga koronavirus tarqalishining oldini olish toʻgʻrisida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Bu kabi tadbirlarning amalga oshirilishi aksiyadorlik jamiyati jamoasining sogʻligini asrashda muhim boʻlishi barobarida karantin vaqtida xalqimizning ehtiyojlarini qondirish yoʻlidagi asosiy talablardan biridir.

1 579
Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA