O‘zA O`zbek

30.03.2020 Chop etish versiyasi

Karantin davri tartiblariga amal qilish barcha uchun majburiydir

Karantin davri tartiblariga amal qilish barcha uchun majburiydir

Andijonda karantin davrida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan ishlar qatʼiy tartibda olib borilmoqda.

Karantin choralarining samaradorligi bevosita fuqarolarning ularga qay darajada amal qilishiga bogʻliq. Ana shundan kelib chiqib, eng avvalo, koʻchalarda harakatlanish cheklandi. 27-martdan jamoat transporti qatnovi, 30-martdan esa, xususiy avtomashinalar harakatlanishi toʻxtatildi (belgilangan toifadagi transportlar bundan mustasno). Bu tartibni taʼminlash uchun qator mutasaddi tashkilotlar safarbar etildi.

Andijon shahriga kirish yoʻllarining barchasida postlar tashkil qilindi. Postlarda 24 soat mobaynida ichki ishlar, favqulotda vaziyatlar, bojxona, soliq, transport boshqarmalari, milliy gvardiya, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi mutaxassislari, hokimliklar vakillari tomonidan nazorat ishlari olib borilmoqda.

Andijon shahridagi “Sogʻlom avlod” oʻyingohi oldidagi postda oʻnga yaqin xodimlar har biri oʻz yoʻnalishi boʻyicha nazorat-tekshiruvni amalga oshirmoqda.

Maxsus kiyimlardagi sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi mutaxassislari kirib-chiqishga ruxsat etilgan transport vositalarini dezinfeksiya qilmoqda.

– Transport vositalari ABK-xlor eritmasi bilan dezinfeksiya qilinmoqda, – deydi Andijon shahar saniariya-epidemiologiya osoyishtaligi boʻlimi dezinfektori Dilfuza Mamajonova. – Ertalab 8.00 dan kech 20.00 ga qadar ayollar, 20.00dan ertalabki 8.00 ga qadar erkak xodimlar ishlamoqda.

Niqobsiz yurgan, umuman, karantin tartiblariga amal qilmaganlar minimal ish haqining besh barobari miqdorida jarima qilinishi belgilangan. Hozircha tartib buzganlar aniqlanmagan.

Soyguzar mavzesidagi postda viloyat yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi 4-safarbarlik guruhi inspektori Bekzod Tojmamatov hamkasblari bilan navbatchilikni oʻtamoqda.

– Haydovchilarni tartibga chaqirmoqchiman, – deydi B. Tojmamatov. – Chunki tartib-intizomga roiya etish har qachongidan ham muhim. Ruxsatnomasi yoʻq haydovchilar ham oʻtib ketishga urinmoqda. Post oldida qatorlashib terilib olib, xizmat yuzasidan yetib borishi zarur boʻlgan avtomashinalar harakatiga toʻsqinlik qilmoqda. Ularga bunday xatti-harakatlari notoʻgʻri ekanligi tushuntirilmoqda.

Karantin tartib-qoidalariga amal qilish boʻyicha koʻrilayotgan qatʼiy chora-tadbirlar eng avvalo, xalqimiz salomatligini muhofaza qilish, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgandir. Belgilangan tartiblarga amal qilish barchaga majburiydir.

957
F. IBAYDULLAYEV, Z. UMRZOQOV (surat), OʻzA