O‘zA O`zbek

06.08.2018 20:50 Chop etish versiyasi

Kanallar obodonlashtirilmoqda

Toshkent shahridan oqib o‘tadigan kanallar va ularning qirg‘oq atrofini chiqindilardan tozalab, so‘lim go‘shaga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada maxsus “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, kanallar qirg‘og‘ida joylashgan noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish, tutash hududlarni obodonlashtirish, sanitariya holatini yaxshilash ishlarini tashkil etuvchi tumanlar sektorlari kesimida ishchi guruhlar ish boshladi. Amalga oshirilayotgan ishlarni aholiga tushuntirish maqsadida targ‘ibot guruhlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.

Mirzo Ulug‘bek tumaniga biriktirilgan Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi xodimlaridan iborat targ‘ibot guruhi vakillari hududdan oqib o‘tuvchi kanallarni tozalash bo‘yicha olib borilayotgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Tuman ichki ishlar bo‘limi rahbarlik qilayotgan 3-sektor hududida joylashgan “Darxon” mahalla fuqarolar yig‘inidan oqib o‘tuvchi 4,4 kilometr uzunlikdagi “Salar” kanalini tozalash ishlari jadal amalga oshirilmoqda. Yaqingacha bu hudud qarovsiz, chakalakzor bo‘lib, oyoq bosib bo‘lmas holatda edi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, kanal atrofida joylashgan 25 noqonuniy qurilma yuzasidan tegishli hujjatlar to‘planib, sudga arizalar kiritilmoqda. Obodonlashtirish ishlariga 30 dan ziyod ishchi, 4 maxsus texnika jalb qilingan.

Tuman hokimi rahbarlik qilayotgan 1-sektor hududdidagi “Avoyxon” mahalla fuqarolar yig‘inidan oqib o‘tuvchi “Qorasuv” kanali qirg‘oqlari ham obodonlashtirilmoqda. Hozirda mahalladan o‘tuvchi kanalning 3 kilometrida tozalash ishlari yakunlandi. Shuningdek, 6 noqonuniy qurilma yuzasidan to‘plangan tegishli hujjatlar asosida sudga ariza kiritildi.

– “Qorasuv” kanalining tuman prokurori rahbarligidagi 2-sektor hududida joylashgan “Ahmad Yugnakiy” va “Beshkapa” mahalla fuqarolar yig‘inidan oqib o‘tuvchi qismi 3,3 kilometrni tashkil etadi, – deydi tuman prokurori o‘rinbosari U.Sobirov. – O‘tgan vaqt davomida mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda hashar yo‘li bilan 1,1 kilometr uzunlikdagi kanal ichi, atrofi tozalanib, 72 noqonuniy qurilma buzildi. Bu yerda obodonlashtirish ishlari uchun 30-40 nafar ishchi va 6 texnika jalb qilingan. Kelgusida kanal sohillariga turli manzarali ko‘chatlar o‘tqazilib, bu yerda odamlar sayr qiladigan ko‘rkam mackan, avtoturargoh barpo qilish rejalashtirilmoqda.

Targ‘ibot guruhi vakillari kanallar atrofida tozalash ishlarini olib borayotgan mutaxassislar bilan uchrashib, atrofdagi daraxtlarning ehtiyotsizlik bilan kesilishi, chiqindilarning to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida zarur tavsiyalarni berdi. Bu borada hudud aholisining takliflari ham o‘rganildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
3 315