Kambagʻallikni qisqartirishning yangi mexanizmi yaratilmoqda
Jamiyatimizda ayollar va yoshlarning rolini oshirish uchun birinchi navbatda ularga malaka berish, bandligini taʼminlash zarur.
Jamiyatimizda ayollar va yoshlarning rolini oshirish uchun birinchi navbatda ularga malaka berish, bandligini taʼminlash zarur.
Bu vazifani samarali va sifatli bajarmasdan ayollar va yoshlar manfaatlari bilan bogʻliq ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy masalalarni tizimli hal etish imkoni boʻlmaydi.
8-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi shu jihatdan juda ahamiyatlidir.
Keyingi yillar davomida mazkur ikki yoʻnalish boʻyicha davlat siyosatini markazdan mahalla darajasigacha yuritadigan vertikal tizim joriy qilindi. Yoshlar masalalari har bir tumanda alohida hokim oʻrinbosari, xotin-qizlar masalalari boʻyicha esa har bir mahallada alohida rais oʻrinbosari masʼul etib belgilandi. Videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari “bundan keyin odamlarning uyiga borib, ishga muhtojlarni ishga joylashtirish tizimini yaratishimiz kerak”ligini taʼkidladilar.
Demak, mahallalargacha yaratilgan tizim endi qoʻllab-quvvatlashga muhtoj ayollar va yoshlar istiqomat qiladigan oilalargacha kirib borishi boʻyicha yangi ish tartibi belgilandi. Mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” shakllantiriladigan boʻldi.
Daftarlar hokimlar, sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar yoshlar va ayollar masalalarida har bir hududda holat qandayligi haqida aniq maʼlumotga ega boʻlish, shunga qarab chora-tadbir belgilash uchun juda zarur. Chunki hamma rahbarlar ham oʻzi masʼul boʻlgan hududda qancha yosh ishsiz, yana qancha ayol hunarsiz ekanini bilavermaydi.
Pandemiya munosabati bilan mamlakatimizda karantin choralari kuchaytirilgan, ehtiyojmand oilalarni manzilli qoʻllab-quvvatlash zarurati oshgan vaqtda Prezident tashabbusi bilan joriy etilgan “temir daftar”lar ish berdi, davlat yordamini yoʻnaltirib turish, ijtimoiy barqarorlikni saqlab qolish uchun asos boʻldi, katta natija berdi. Hozirda “temir daftar”lar oilalarni kambagʻallikdan chiqarish ishlarini rejali tashkil etishda, roʻyxatdagilarga qarab keyingi ishlarni muvofiqlashtirishda qoʻl kelmoqda. Yoshlar va ayollar daftarlari ham kasb-hunar oʻrgatish, bandlikni taʼminlashda manzilli yondashuvni kuchaytirishga xizmat qiladi.
“Yoshlar daftari”ga 18-30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar kiritilsa, “ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan ayollar kiritiladi. Roʻyxatni shakllantirishda ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor boʻlgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Dunyoda iqtisodiy, huquqiy va mehnat munosabatlari tez rivojlanmoqda. Ishlab chiqarish, ayniqsa, xizmat koʻrsatishda qisqa vaqtda yangidan-yangi tarmoqlar paydo boʻlmoqda, oliy maʼlumotlilik haqidagi hujjatni kutib oʻtirmasdan yaxshi daromad olish, oʻzini oʻzi band qilish imkoniyatlari kengaymoqda. Mamlakatimizda tadbirkorlik, xizmat koʻrsatish sohalariga yoʻl ochilishi natijasida diplom emas, muayyan malaka talab etadigan zamonaviy ish oʻrinlari ochilmoqda. Hunar oʻrgangan, ishli boʻlgan kishilar jamiyat hayotiga tez kirishib ketadi, keyinchalik istaklariga mos imkoniyatlarni qidirib topish koʻnikmasiga erishadi.
Prezidentimiz shuning uchun bu masalaga alohida eʼtibor qaratib, “ijtimoiy shartnoma” tajribasini keng qoʻllash boʻyicha vazifa hamda yoʻnalishlarni aniq belgilab berdi. Ishsiz odam hunar oʻrganish, malaka olish uchun koʻpincha mablagʻdan qiynaladi. Endi davlat mana shu boshlangʻich davrda yoshlar, ayollarga moddiy va ijtimoiy koʻmak koʻrsatadi.
Ajratiladigan mablagʻ ayni vaqtda mehnat bozorida talab yuqori boʻlib turgan kasb-hunarlarga tayyorlovchi mingdan ziyod nodavlat kasb-hunar taʼlimi markazlari faoliyati izchil yoʻlga qoʻyilishiga xizmat qiladi.
Bu vazifalarni bajarish boʻyicha manbalar ham aniq belgilandi. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 100 million dollar miqdoridagi mablagʻ yoʻnaltiriladi. Shuning 10 millioni kasb-hunarga oʻqitishga, 90 millioni esa oʻquv kurslarini tamomlab, sertifikat olganlarga imtiyozli kreditlar ajratish uchun sarflanadi. “Ijtimoiy shartnoma” orqali nodavlat kasb-hunar oʻquv kurslarini bitiradigan yoshlar va ayollarga taʼlim xarajatlari uchun 1 million soʻmgacha subsidiya beriladi.
Shu tariqa qoʻllab-quvvatlashga muhtoj yoshlar va ayollar hunar oʻrganib, ishli boʻlsa, keyin hayotda oʻz oʻrnini topib ketishga qiynalmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, davlatimiz rahbari ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim, kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor boʻlgan ishsiz yoshlar hamda xotin-qizlarni jamiyatning faol qatlamiga qoʻshish, hududlarda kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha yangi mexanizmni belgilab berdilar.
Eng asosiy masala mazkur mexanizmni samarali ishlatishimizga bogʻliq. Bu borada nafaqat mahalliy hokimliklar, mutasaddi tashkilotlar, shu bilan birga, parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari faollik koʻrsatishi talab etiladi. Subsidiya va boshqa mablagʻlar maqsadli yoʻnaltirilishi, hunar oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi borlar toʻliq oʻrganilishi juda muhim. Mana shu jarayonda deputatlar faollik koʻrsatsa, aholi bilan yaqin munosabat, muloqot muhiti oʻrnatiladi. Odamlarning islohotlarga va oʻz imkoniyatlariga ishonchi oshadi. Jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy faol qatlamni koʻpaytirish jarayonlariga katta hissa qoʻshiladi. Bu, oʻz navbatida hududlarda deputatlarning pozitsiyasi mustahkamlanishiga puxta sharoit yaratadi.
Aksincha, qaysi hududda bu ishlar tizimli tashkil etilmasa, ishsizlik bilan bogʻliq ijtimoiy muammolar yana-da chuqurlashadi, partiyamiz elektorati bundan jabr koʻradi.
Xalq demokratik partiyasi bilim, kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor ishsiz yoshlar hamda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlanishi joylarda kambagʻallikning asosiy sabablari bartaraf etilishida dolzarb ahamiyatga ega, deb hisoblaydi.
Bu yoʻnalishdagi islohotlar taktikasi partiyamizning bosh maqsadiga toʻliq mos keladi. Shuning uchun har bir partiya tashkiloti va deputatlik birlashmalari aniq natija, elektorat manfaatlari yoʻlida qatʼiyat koʻrsatishi uchun rejalarini belgilab olmoqda.
Ulugʻbek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining oʻrinbosari,
OʻzXDP fraksiyasi rahbari.