O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Kambagʻallikni qisqartirish – dunyo hamjamiyati muhokamasida

Kambagʻallikni qisqartirish – dunyo hamjamiyati muhokamasida
Munosabat

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Prezidentimizning ilk marotaba sof ona tilimizda yangragan nutqi ayni paytdagi dunyo voqiyligini real aks ettirgani, keltirilgan tahlil va takliflar oʻz asosiga ega ekanligi bilan jozibadordir.

Zotan, davlatimiz rahbari oʻz nutqida “Tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchamizni bezovta qilishi zarur” deb taʼkidladi. Bu bejiz emas, albatta. Binobarin, davlatimiz rahbari tomonidan kambagʻallikni qisqartirish masalasi global miqyosda olib chiqilishi quyidagi sabablar bilan izohlanadi:

Birinchidan, BMT, Jahon banki kabi qator xalqaro tashkilotlar soʻnggi 30 yil mobaynida global miqiyosida kambagʻallikni qisqartirish borasida ijobiy natija ega boʻlib, ularda yetarli tajriba va yoʻnalishlar bazasi shakllandi.

Kambagʻallikni qisqartirish muammosi aynan iqtisodiy-moliyaviy imkoniyatlari nisbatan cheklangan hamda institutsional bazaning yetarli darajada rivojlanmagan mamlakatlarda kuzatiladi. Shu sababli, mazkur xalqaro tashkilotlar tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlarga koʻrsatilayotgan moliyaviy va amaliy koʻmak kambagʻallikni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ikkinchidan, global tus olgan koronavirus pandemiyasi butun dunyoda nafaqat kambagʻallik, balki qashshoqlik darajasining oshib ketishi xavflarini kuchaytirmoqda.

Umuman olganda, dunyoda kambagʻallik darajasining oshib ketishi: (a) yangi turdagi (yoki boshqa) yuqumli kasalliklarning avj olishi va keng tarqalishiga hamda (b) odamlarning moddiy ahvoli yoki inson kapitalining yomonlashuvi oqibatida qator mamlakatlarda rivojlanish istiqbollarining salbiy tomonga oʻzgarishi, ularda nobarqarorlik xatarlarining kuchayishi va ushbu muammolarning global tus olishiga olib kelishi mumkin.

Maʼlumki, davr talablaridan kelib chiqib, davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbusi oʻlaroq, mamlakatda kambagʻallikni qisqartirish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Respublikamizda koʻp yillardan beri koʻtarilmagan mazkur ogʻriqli masala birinchi marotaba Prezidentimizning siyosiy jasoratlari tufayli joriy yilning 24-yanvaridagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida Oʻzbekistonda kambagʻal aholi qatlami mavjudligi va u 12-15 foiz atrofida ekanligi taʼkidlandi.

Shu oʻrinda, mazkur Murojaatnomadan iqtibos: “Har qanday mamlakatda boʻlgani kabi bizda ham kam taʼminlangan aholi qatlamlari mavjud. Turli hisob-kitoblarga koʻra, ular taxminan 12-15 foizni tashkil etadi. Bu oʻrinda gap kichkina raqamlar emas, balki aholimizning 4-5 millionlik vakillari haqida bormoqda”.

Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish borasida maqbul davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tashkil etildi va ushbu yoʻnalishda uning asosiy vazifalari belgilab olindi.

Hozirda mazkur yoʻnalishda tizimli, yaʼni, aholi kambagʻal qatlamining doimiy daromad manbaini yaratish, davr talabidan kelib chiqib inson kapitalini rivojlantirish, toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllab-quvvatlash kabi taʼsirchan mexanizmlar orqali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ammo mazkur muammo bugungi pandemiya sharoitida keskin tus olib, global miqyosda yechimini talab qiladigan masalalar sirasiga aylandi.

Shu maʼnoda, Prezidentimizning qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish taklifi judayam oʻrinli va dolzarb. Bunda nazarimizda, eng nozik nuqtalardan biri, bu – dunyoning koʻpgina nuqtalarida notinchlik va jiddiyatlar, ekologik xatarlarning koʻpayishi oqibatida dunyo mamlakatlari, xalqlari taqdirining tobora bir-biriga bogʻlanib borayotganligiga alohida urgʻu berilgan.

Axir, chindan ham tiriklik qonuniyati shunday: insoniyat yashashi, mehnat qilishi mumkin boʻlgan yagona makon, bu – Yer shari, undagi kishilik jamiyatining asosiy maqsadi esa – tinch, xotirjam va farovonlikda umrguzaronlik qilishdir.

Obiddin Mahmudov,
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni
qisqartirish vazirining maslahatchisi

1 494
OʻzA