O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha oʻquvlar

Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha oʻquvlar

Andijon davlat universitetida ehtiyojmand oilalarni kambagʻallikdan chiqarish, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni samarali tashkil etish masalalariga bagʻishlangan oʻquv seminari boʻlib oʻtmoqda.

Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari tomonidan oʻtkazilgan xatlovlar yakuniga koʻra, Andijon viloyatida 40 ming 724 ta oila yoki 158 ming 126 nafar fuqaro ehtiyojmand sifatida roʻyxatga olingan. Hududlardagi sektor rahbarlariga ularni ijtimoiy muhofazasini taʼminlash choralarini koʻrish vazifasi yuklangan.

Viloyat hokimligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Andijon viloyat filiali hamkorligida tashkil etilgan seminarda barcha tuman va shaharlar sektor rahbarlari (hokim, prokuror, ichki ishlar boʻlimi,, davlat soliq inspeksiyasi boshliqlari) ishtirok etib, pandemiya sharoitida olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish, aholi bandligini taʼminlash, ehtiyojmand oilalarni kambagʻallikdan chiqarish, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni samarali tashkil etish boʻyicha bilim va malakalarini oshirmoqda.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 21-22-may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi doirasida viloyat faollari bilan oʻtkazilgan yigʻilishda bergan topshirigʻi ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtkazilayotgan oʻquv kursida barcha sektor rahbarlari ishtirok etmoqda, – deydi viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov. – Seminar davomida viloyatdagi 64 ta sektor rahbarlari oʻzlariga biriktirilgan hududlarda istiqomat qilayotgan ehtiyojmand oilalarni joriy yil oxirigacha “temir daftar”dan chiqarish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish yuzasidan nazariy bilim olish bilan birga, amaliy ishlar misolida ham saboq oladi.

Seminar doirasidagi 30 soatga moʻljallangan mashgʻulotlarda Vazirlar Mahkamasi majmualari rahbarlari, vazir oʻrinbosarlari, vazirliklar boshqarmalari boshliqlari, Davlat boshqaruvi akademiyasi professor-oʻqituvchilari tomonidan belgilangan muhim vazifalarni amalda bajarish mexanizmlari, tartiblari xususida aniq misollar orqali batafsil tushuncha va maʼlumotlar berilmoqda.

“Kambagʻallikni qisqartirishning manzilli dasturini shakllantirish va ijrosini taʼminlash choralari”, “Hududiy investitsiya (sanoat, xizmat koʻrsatish) dasturlarida belgilangan loyihalarni amalga oshirish orqali yangi barqaror ish oʻrinlarini yaratish imkoniyatlari”, “Qishloq xoʻjaligi sohasida aholini band qilishning zamonaviy usullari va uni amalga oshirish mexanizmlari”, “Sektor shtabi faoliyatini samarali tashkil etish va qatʼiy vertikal tizimning ishlashini taʼminlash” mavzularidagi mashgʻulotlar har bir tuman, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda oʻziga xos muammolarni keys-stadi usuli asosida tahlil qilish, yechimini topish, aholi bandligini taʼminlash, ehtiyojmand oilalar muammolarini hal qilish, ularda tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xarita”lari tuzish, namunaviy sektorlar hududida sayyor mahorat mashgʻulotlari tashkil etish orqali oʻtkaziladi.

–Mavzu doirasidagi ishlarni tizimli tashkil etish boʻyicha ilgʻor, zamonaviy bilim va tushunchalar olyapmiz, – deydi Boʻston tumani hokimi, 1-sektor rahbari Sadbarxon Mamitova. – Bu borada qatʼiy ishlaydigan tizim joriy etish va natijadorlikka erishish zarurligi, mashgʻulotlarda bunga erishish usullari haqida keng maʼlumotlar oldik.

Sektor rahbarlari ishtirokida kambagʻallikni qisqartirishga doir dolzarb vazifalarga bagʻishlangan oʻquv-seminar doirasida Andijon, Xonobod shaharlari, Buloqboshi, Izboskan, Shahrixon, Jalaquduq tumanlaridagi qator korxonalar, fermer xoʻjaliklarida, shuningdek, aholi tomorqasidan unumli foydalanish boʻyicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, ular asosida sayyor mahorat mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda.

1 243
F. UBAYDULLAYEV, Z. UMRZOQOV (surat), OʻzA