O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

Kambagʻallikdan qutilish har kimning oʻziga bogʻliq

Kambagʻallikdan qutilish har kimning oʻziga bogʻliq

Prezidentimiz raisligida joriy yil 26-may kuni boʻlib oʻtgan investitsiya masalalari muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda kelgusidagi dolzarb vazifalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Qayd etilganidek, pandemiyaning iqtisodiyotga taʼsirini yumshatishga qaratilgan bir qator hujjatlar qabul qilinganligiga qaramasdan ularning ijrosini tashkil etish oqsamoqda, yaratilayotgan sharoit va imtiyozlar fuqarolar va tadbirkorlarga manzilli yetib bormayapti.

– Bu borada qator chora-tadbirlar amalga oshirildi va bugungi kunda samarali davom ettirilmoqda, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoraoʻzak tumani hokimi Roman Jumaboyev. – Jumladan, 66 ta oila aʼzolari doimiy, 169 ta oila aʼzolari jamoat ishlariga jalb qilindi. Kam taʼminlangan, yordamga muhtoj 12 ta oilaga qoʻy-echki, Bandlik va mehnat munosabatlari markazi tomonidan 37 ta oilaga issiqxona qurib berildi. Qolgan 298 ta oila aʼzolarini joriy yilning qolgan choraklarida ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan.

Pandemiya sharoitida ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash maqsadida Berdaq ovuli fuqarolar yigʻini hududida “Qoraoʻzak poliz” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, 15 gektar ekin maydoni ajratildi. Bugungi kunda shu yerda istiqomad qilayotgan yoshlarning 50 tasiga 20 sotixdan yer berildi va poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda.

Tumanda 397 ishsiz xotin-qizlarning 200 nafari ishga joylashtirildi. Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlimi huzuridagi “Xayr-saxovat va koʻmak” jamgʻarmasining maxsus hisob raqamiga 140,7 million soʻm mablagʻ kelib tushgan boʻlsa, shundan 60 ta oilaning har biriga 500 ming soʻmdan, “Grant farm” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ehtiyojmand 80 ta oilaning har biriga 1 million soʻmdan yordam berildi.

Bunday xayr-saxovat ishlarida korxona va tashkilotlar, tadbirkor va fermerlar faol ishtirok etmoqda. Jumladan, tumandagi “Titan sement” masʼuliyati cheklangan jamiyati 10 ta oilani uch oy mobaynida homiylikka olib, ular uchun 44 million soʻm mablagʻ ajratdi. Bundan tashqari, korxona tomonidan kam taʼminlangan oilalarga 10 tonna guruch tarqatildi.

“Qoraqalpoq sement” masʼuliyati cheklangan jamiyati jaomasi ham xayriya ishlaridan chetda qolmadi. Ular 15 ta oilani uch oy mobaynida homiylikka olib, ularga 58,3 million soʻm mablagʻ ajratdi. Bunday ishlarga oʻz ulushini qoʻshib kelayotgan korxonalarga soliqdan 44 million soʻmlik imtiyoz berilgan boʻlsa, 35,1 milliard soʻmlik kreditni toʻlash muddati uzaytirildi.

Aholi bandligini taʼminlash maqsadida “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi doirasida aksiyadorlik-tijorat “Agrobank” va “Xalq banki” tomonidan 169 ta oilaga 5,2 milliard soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻi ajratildi. Kam taʼminlangan, ehtiyojmand 124 ta oilani issiqxona, urugʻ, koʻchat bilan taʼminlash va tomorqalarni sugʻorish uskunasini qurish maqsadida 258 million soʻm miqdorida subsidiya ajratilib, shundan 252 million soʻm subsidiya hisobidan 113 ta issiqxona qurib berildi.

Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha jami 3 trillion 915,2 milliard soʻmlik 35 loyihani amalga oshirish, shuning hisobidan 511 ta yangi ish oʻrnini yaratish rejalashtirilgan boʻlsa, shundan joriy yilda 63 milliard 504 million soʻmlik 22 loyihani amalga oshirish belgilangan. Natijada 105 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Pandemiya davrigacha tumanda 454 ta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti bilan sanoat korxonasi roʻyxatga olingan boʻlsa, karantin tadbirlari davrida 65 ta korxona oʻz faoliyatini vaqtinchalik toʻxtatishga majbur boʻldi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan karantin tadbirlarini yumshatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida bugungi kunda 25 ta tadbirkorlik subyekti oʻz ishini boshladi. Ushbu korxonalar respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda faoliyat olib bormoqda.

Tuman hokimligi tomonidan 42 ta tadbirkorlik subyekti va korxonaning 35,1 million soʻmlik soliq qarzdorligiga imtiyoz berilib, 96 million soʻmlik soliq toʻlovlarining muddati kechiktirildi.

Hozirgi pandemiya davrida aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlari barqaror faoliyat yuritishiga erishish, bu borada davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan normativ hujjatlarning ijrosini taʼminlash bugungi asosiy vazifa hisoblanadi. Tuman sektor rahbarlari ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratgan holda vaqtinchalik qiyinchiliklarni aholi bilan hamkorlikda yengib chiqish choralarini koʻrmoqda.

1 923
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA