O‘zA O`zbek

16.01.2016 21:30:49 Chop etish versiyasi

“Kamalak yulduzlari” g‘oliblari taqdirlandi

“Istiqlol” san’at saroyida “Kamalak yulduzlari” respublika bolalar ijodiyoti festivali g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir va ular ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston yoshlarining “Kamolot” ijtimoiy harakati, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirga festivalning yakuniy bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘g‘il-qizlar, ularning o‘qituvchi va murabbiylari, ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida har jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash, millatimizni yanada sog‘lomlashtirish, o‘g‘il-qizlarni hech kimdan kam bo‘lmagan, qalbi g‘urur va iftixorga to‘la insonlar etib voyaga yetkazish masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori iste’dodli o‘g‘il-qizlarni aniqlash, ularning qobiliyat va salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirishga doir chora-tadbirlarni tizimli yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan turli ijodiy loyihalar, san’at bayramlari, festivallar iqtidorli bolalar safining tobora ortishi, ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchining mustahkamlanishi, bolalar ijodiyotiga doir ishlarni zamon ruhi bilan hamqadam yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda.

Yosh avlodning ezgu intilishlari, orzu-istaklarini o‘zida aks ettirgan yorqin loyihalardan biri “Kamalak yulduzlari” festivalidir. Mazkur festival musiqa va san’at, badiiy ta’lim, maktabdan tashqari ta’limni yanada rivojlantirish, o‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning beg‘ubor orzulariga qanot bag‘ishlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Festivalning barcha bosqichida 6-14 yoshli 60 400 nafar iqtidorli o‘g‘il-qiz o‘z mahoratini namoyish etdi. Saralash bosqichlarida o‘quvchilarning mumtoz va milliy musiqa cholg‘ulari ijrochiligi, an’anaviy va akademik xonandalik, xoreografiya, tasviriy va amaliy san’at, nasr va nazm yo‘nalishidagi iste’dod va mahorati taniqli san’atkor va mutaxassislar tomonidan baholandi.

Loyiha doirasida poytaxtimizdagi ko‘rgazma zallarida bolalar rasmlari ko‘rgazmasi, mohir rassom va haykaltaroshlar, usta hunarmandlar, musiqashunoslar, rejissyorlar, shoir va yozuvchilar ishtirokida mahorat saboqlari, ijodiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Yosh iste’dod sohiblari uchun Mustaqillik maydoni, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi, ma’naviyat va ma’rifat maskanlariga sayohatlar tashkil etildi.

Festivalning turli nominatsiyalarida g‘olib bo‘lganlarga diplom va sovg‘alar topshirildi.

Sahnada tinch va osuda kunlarimizni, jonajon O‘zbekistonimizni, baxtiyor bolalikni, yosh avlodga ko‘rsatilayotgan cheksiz mehr va e’tiborni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.