Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.05.2018 16:23 Chop etish versiyasi

Kalamushlarning sassiz “diskotekasi” qachongacha davom etadi?

Kalamushlarning sassiz “diskotekasi” qachongacha davom etadi?
Shahrixon tumani markazidagi Shahrixon shoh ko‘chasining ariqlarida kalamushlar shunday ohangsiz o‘ynashlariga guvoh bo‘ldik.

Ayni paytda yurtimizning qay bir hududiga bormang, jadal sur’atlarda olib borilayotgan bunyodkorlik, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga guvoh bo‘lasiz. Kundan-kunga chiroy ochayotgan shaharu qishloqlar, guzaru mahallalarning go‘zalligidan bahri dilingiz ravshanlashib, hayotga, yashashga bo‘lgan mehringiz ortadi.

photo5195085819134716663.jpgBiroq, Shahrixon tumani markazidagi ona tabiatimizga bo‘lgan munosabatni ko‘rib, yuqoridagi fikrlarimizni barcha tumanu shaharlarga nisbatan qo‘llay olmasligimizga ishonch hosil qildik. Shahrixon shoh ko‘chasining “Xalq banki”, tuman pochta aloqa bo‘limi kabi tashkilot va savdo muassasalari joylashgan tomonidagi biton ariqdagi manzara kishi dilini xufton qilishi aniq. 

E’tiborimizni avtomobillar turargohiga kirishdagi “Matbuot do‘koni” oldida uyulib yotgan kul va axlat uyumlari tortdi. Ushbu manzarani suratga olayotganimizda uch-to‘rt nafar kishi yonimizga keldilar.

Ular maqsadimizni anglab, ushbu holat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi.

– Biz ancha yillardan beri “Saroy–Shahrixon” yo‘nalishida yo‘lovchi tashiymiz, – deydi 35 yoshlar chamasidagi yigit. – Ertalabdan kechga qadar shu yerda turib, shaharga kelib-ketuvchilarni tashiymiz. Jazirama kunlari bu axlat va biton ariqdagi balchiqli suv hidiga chidab bo‘lmaydi. Shamol bo‘lganda esa qo‘lansa hid ko‘p joyni tutib ketadi. Bunga mana o‘zingiz ham guvoh bo‘lib turibsiz.

Haydovchilarning ham jon kuydirishicha bor. Haqiqatdan ushbu manzara bu yerdan o‘tayotgan har bir yo‘lovchini o‘ziga jalb qilishi rost. Kalamushlarning biton ariq ichidagi
photo5194915261688424775.jpg
 turli sabzavot po‘choqlaridan o‘ziga kerakligini bamaylixotir iniga tashiyayotgan ko‘rib hayratdan dong qotdik.
– Har kuni ertalab yoki kechki payt kelsangiz, bunday “erkatoy” kalamushlarning ko‘pini ko‘rasiz. Ularning hatti-harakati go‘yo musiqasiz “diskoteka”ni eslatadi, – deydi haydovchilardan biri.

Ushbu chiqindilar yaqin atrofdagi yemakxonalarga tegishli ekan. Oshxona mutasaddilari “Toza hudud” tuman DUKka kunlik to‘lov berib borisharkan. Oshpazlar tashlandilarni ertalabdan to kech 19:00 gacha tashlashar, “Toza hudud” tuman DUKning maxsus mashinalari tungi 22:00da kelib olib ketishar ekan. Kun davomida esa bu chiqindilar tuman markazini “go‘zal”lashtirib, aholiga “ifor” taratib turisharkan. Aslida esa, chiqindilarning holati anchadan buyon olib ketilmaganini ko‘rsatadi.

Tuman hokimligi binosidan 300-400 metr nariroqdagi holat shunday bo‘lsa, Shahrixonning boshqa hududidagi manzara qanday ekanligi kishini o‘yga toldiradi. Chiqindilardan atrofga qo‘lansa hid taralayotgani, kalamushlarning odamdan hayiqmasdan emin-erkin yurishlari yuqumli kasalliklar keltirib chiqarmasligiga kim kafolat beradi?!

Xo‘sh, kalamushlarning sassiz “diskotekasi” qachongacha davom etadi? Tuman mutasaddilari ushbu mavzuga e’tibor qaratishiga umid qilamiz.

Mirolim Isajonov

2 541