Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2017 20:06 Chop etish versiyasi

Kadrlar tayyorlashda samarali hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 28-apreldagi “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yuridik kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq tubdan isloh qilish, Toshkent davlat yuridik universitetini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi, Oliy sud, Adliya, Ichki ishlar vazirliklari, O‘zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasi, Advokatlar palatasi va boshqa qator sud-huquq organlari bilan hamkorlikda universitet faoliyatini takomillashtirish hamda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

– Mazkur memorandum yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlikni mustahkamlash, talabalarning nazariy va amaliy bilimlari uyg‘unligini ta’minlash, yetuk mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadini ko‘zda tutadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Ye.Kanyazov. – Ta’kidlash joizki, universitetimizda yuridik klinika faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu klinikada professor-o‘qituvchilar va talabalar tomonidan fuqarolarga beg‘araz huquqiy yordam ko‘rsatiladi. Memorandumga muvofiq bu jarayonga advokatlar ham jalb qilinadi.

– Yangi hamkorlik loyihasi mamlakatimizda advokatura rolini yanada oshirishga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi raisi R.Ahmedov. – Dunyo miqyosida advokaturaga talab ortib borayotgan bir sharoitda sohaga bilimdon kadrlarni jalb etish oldimizda turgan muhim vazifalardan biri. Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorligimiz davomida iste’dodli, g‘ayratli va zukko talabalarni tanlab olish imkoniga ega bo‘lamiz.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

Memorandumda ham talabalarning advokatura tizimlarida samarali amaliyot o‘tashi, ishlarning sudda ko‘rilishida bevosita qatnashishi, xo‘jalik subyektlari faoliyatiga ko‘maklashishi, tegishli hujjatlar loyihalarini tayyorlashi va boshqa tadbirlarda qatnashishi nazarda tutilgan. Shuningdek, turli seminarlar, davra suhbatlari, talabalar bilimini mustahkamlash va rag‘batlantirish maqsadida ko‘rik-tanlovlar tashkil etish, mahorat darslarini o‘tkazish kabi qator chora-tadbirlar rejasi belgilangan.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
1 024






Все о погоде - Pogoda.uz