O‘zA O`zbek

15.08.2018 13:19 Chop etish versiyasi

Kadastr xaritalaridan onlayn rejimida foydalanish imkoniyati yaratilgan

Kadastr xaritalaridan onlayn rejimida foydalanish imkoniyati yaratilgan

Shu yilning 13-16-avgust kunlari Geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan turib zondlash (tekshirish) bo‘yicha davlatlararo Kengashning XI sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekiston Respublikasi “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi raisi Abdushukur Abdullayev Kengashning 2018-yildagi raisi vazifasini bajarmoqda.

DSC_3871.JPG

14-avgust kuni MDH vakillari ishtirokida sessiyaning ochilish marosimi o‘tkazildi. Davlatlararo Kengash sessiyasining asosiy maqsadi MDH mamlakatlarining Geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan turib zondlash bo‘yicha davlat organlari tomonidan bajarilgan ishlarning yakuniy natijalarini ko‘rib chiqishdan iboratdir.

DSC_3885.JPG

Ochilish marosimida MDH mamlakatlarining Geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan turib zondlash bo‘yicha davlat organlari raislari va rahbarlari so‘zga chiqdilar. Shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari A.Smagulov so‘zga chiqib, quyidagi fikrni bildirdi:

“Bugungi XI yubiley sessiya davlatlarimiz fuqarolariga Hamdo‘stlik mamlakatlarining kartografiya-geodeziya, yer tuzish va kadastr byurolari 26 yil davomida amalga oshirgan ishlari va erishgan yutuqlar haqida so‘z yuritish uchun sabab bo‘lmoqda. Ta’kidlash lozimki, bugungi kun talabiga muvofiq fondlarimizda mavjud bo‘lgan barcha materiallar analogli tizimdan raqamli tizimga o‘tkazilmoqda. Ishonmanki, bugungi yig‘ilishimiz MDH mamlakatlarining geodeziya, kartografiya, kadastr va Yerni masofadan turib zondlash sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”.

MDH mamlakatlarining aksariyatida onlayn rejimida foydalanish mumkin bo‘lgan davlat, hududiy va munitsipal masshtabdagi kadastr xaritalari mavjud. Ushbu onlayn kadastr xaritalari chegaralari va koordinatalari aniqlanib, kadastr ro‘yxatiga kiritilgan yer uchastkalari, turarjoy va sanoat binolari to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlardan istalgan vaqtda foydalanish imkonini beradi. Xaritalardan foydalanib turib, kadastr raqami yoki manzili bo‘yicha zarur ko‘chmas mulkni uning aniq chegaralari va yondosh hududlari bilan aniqlash mumkin.

Kadastr xaritasidagi har bir obyekt bo‘yicha quyidagi ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratilgan: obyektning aniq maydoni, manzili, qiymati, maqomi, xarakteristikasi, ro‘yxatga olingan sanasi, mulkchilik shakli. Shu yerning o‘zida uchastkaning kadastr bahosini ham topish mumkin – ko‘chmas mulkni xarid qilish yoki sotishda to‘lanadigan soliq summasi va ijara qiymati aynan shu ko‘rsatkichga bog‘liq. Aksariyat hollarda riyeltorlar, yuristlar, geodezistlar va oddiy fuqarolarga aynan shunday ma’lumotlar kerak bo‘ladi.

“Davergeodezkadastr” qo‘mitasi 
Axborot xizmati

O‘zA
1 972