O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Jurnalistlar tizimdagi o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishdi

Jurnalistlar tizimdagi o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishdi

Navoiy viloyat Davlat soliq boshqarmasida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyat bo‘limi tashabbusi bilan “Soliq siyosatidagi yangiliklar, tizimdagi mavjud muammolar yechimi” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. 

Anjumanda soliq tizimida amalga oshirilgan o‘zgarishlar, soliq ma’murchiligi, tizimdagi islohotlarning ahamiyati va amaliyotda mavjud muammolarni hal etishda mazkur o‘zgarishlarning samarasi xususida batafsil ma’lumot berildi. 

Ta’kidlanganidek, 2019 yil 1 yanvardan boshlab soliq tizimida yangi bosqich boshlandi. Ya’ni, soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilindi. Soliq qonunchiligidagi islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad, soliq yuki darajasini kamaytirish, soliq qonunchiligini soddalashtirish, yanada qulay investitsiya muhitini yaratish hamda soliqlar va to‘lovlarni optimallashtirishdan iborat. 

Soliq yuki darajasini kamaytirish maqsadida 2019 yildan yuridik shaxslarning foyda solig‘i stavkasi 14 foizdan 12 foizga, mol-mulk solig‘i stavkasi 5 foizdan 2 foizga, yagona soliq to‘lovi stavkasi 5 foizdan 4 foizga va yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi. 

Jismoniy shaxslarning ish haqidan olinadigan 8 foizli sug‘urta badali bekor qilindi hamda 4 pog‘onali stavkalarda undirib kelingan va maksimal stavkasi 22,5 foiz bo‘lgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bir xil 12 foizga tushirildi. 

, (4).jpg

– Anjuman ommaviy axborot vositalari xodimlarining soliq tizimidagi o‘zgarishlardan to‘laqonli xabardor bo‘lib, aholini huquqiy ongini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyat bo‘limi raisi Otabek Aslonov. – Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda va aholi o‘rtasida kuzatilayotgan noto‘g‘ri talqindagi sharhlar va munosabatlar islohotlarni teskari talqin qilishga sabab bo‘lmoqda. Shu bois OAV vakillarining sohadagi yangilanishlarni mohiyatan anglab, targ‘ib qilishi bunday holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. 

Anjumanda OAV xodimlarining savollariga atroflicha javob qaytarildi. 

1 664
Nuriddin RAHIMOV, O‘zA