O‘zA O`zbek

09.08.2018 16:14 Chop etish versiyasi

Jurnalistlar majburiy mehnat haqida qanday yozish borasida tajriba almashdi

Jurnalistlar majburiy mehnat haqida qanday yozish borasida tajriba almashdi
Samarqandda “Mehnat huquqlari himoyasini xolis yoritish va axborotni o‘z vaqtida taqdim etish mexanizmlari” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.

Taraqqiyot strategiyasi markazi, davlat va jamoat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlaridagi ommaviy axborot vositalari vakillari, kasaba uyushmalari va bandlik boshqarmalarixodimlari ishtirok etdi.

Seminarda majburiy va bolalar mehnati tushunchalari, ushbu yo‘nalishda yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Bu boradagi xalqaro mehnat qonunchiligi va milliy tajriba xususida so‘z yuritildi.

– O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro mehnat tashkilotining a’zosi hisoblanadi va mamlakatimiz mazkur tuzilmaning bir qator konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan, – deydi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi bosh mutaxassisi L.Turikova. – Bu yurtimizda mehnat munosabatlariga oid qoida va me’yorlar xalqaro talablar asosida ishlab chiqilganini ko‘rsatadi. Lekin fuqarolar ushbu qoidalardan yetarli darajada xabardor bo‘lmagani sababli ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida tushunmovchiliklar, ziddiyatlar kelib chiqadi. Ana shunday holatlarning oldini olish, aholining huquqiy madaniyatini oshirishda ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik nazoratining ahamiyati juda muhim.

Seminar-treningda yurtimizdagi internet saytlari muharrirlari mehnat munosabatlariga oid materiallarni tayyorlash va tarqatish, jurnalistik surishtiruv o‘tkazish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi, ishtirokchilar bilan fikr almashdi.

G‘.Hasanov, O‘zA
2 129