Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.02.2017 20:52 Chop etish versiyasi

Jurnalistika sohasida “Oltin qalam” XII Milliy mukofoti

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirish, OAV xodimlari fuqarolik pozitsiyalarini namoyon etishlari uchun sharoit yaratish hamda jurnalistlarda tanqidiy mushohada va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni shakllantirish maqsadida “Oltin qalam” XII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni o‘tkazadi.

3-may – Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlangan bu tanlovga 2016-yilning 31-martidan 2017-yilning 31-martigacha – bir yil davomida gazeta va jurnallarda chop etilgan, radio orqali efirga uzatilgan hamda televideniyeda ko‘rsatilgan va internet nashrlarida berilgan materiallar 2017-yilning 10-apreligacha qabul qilinadi.

Tanlov g‘oliblari uchun quyidagi mukofotlar ta’sis etilgan:

Jurnalistika sohasida bosh milliy mukofot


G‘olib maxsus diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining 200 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Asosiy mukofotlar:

Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (televideniye – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);

Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (radio – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);

Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (bosma OAV – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);

Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (internet-jurnalistika – 1-, 2-, 3-o‘rinlar).

Birinchi o‘rinni olgan g‘oliblar diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 160 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

Ikkinchi o‘rinni olgan g‘oliblar diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 140 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

Uchinchi o‘rinni olgan g‘oliblar diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 120 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

Rag‘batlantiruvchi mukofotlar uchun nominatsiyalar:

OAVda kitobxonlik madaniyati targ‘ib qilingan eng yaxshi material uchun;

Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun;

Eng yaxshi fotoreportaj;

Eng yaxshi matbuot xizmati.

Mazkur nominatsiyalar g‘oliblari diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va eng kam ish haqining 50 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

“Oltin qalam” tanlovi g‘oliblarini mukofotlash, shuningdek, uni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi.

Shuningdek, milliy hamkorlar hamda qator xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari va elchixonalar ham o‘z rag‘batlantiruvchi mukofotlarini ta’sis etgan (ilova qilinadi).

Tanlov shartlari:

Tanlovga tele-, radio-, bosma materiallar hamda internet nashrlarida e’lon qilingan ishlar taqdim etiladi (5 tadan kam bo‘lmasligi kerak).

Televideniye bo‘yicha videomateriallar, axborot tashuvchi vositaning qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat’i nazar, 3 daqiqadan 30 daqiqagacha bo‘lishi kerak.

Radioeshittirishlar (CD, DVD diskda) 5 daqiqadan 30 daqiqagacha bo‘lishi kerak.

Matbuot va internet materiallari asl nusxada yoki ko‘chirma nusxada taqdim etilishi lozim.

Tanlovga yuborilgan materiallarga quyidagilar ilova qilinishi lozim:


muallif haqida ma’lumotnoma (ob’ektivka);

muallifning turar joyi, uy va ish telefonlari;

pasport nusxasi.

Tanlov g‘oliblarini tantanali mukofotlash marosimi 2017-yil 3-may – Jahon matbuoti erkinligi kuni “Turkiston” saroyida o‘tkaziladi.

Mukofot bir shaxsga takroran berilmaydi.

Materiallar “Oltin qalam” tanloviga deb ko‘rsatilgan holda quyidagi manzilga yuborilishi lozim:

100011, Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 30-uy

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi 3-qavat.

Telefonlar: 244-64-61, 244-37-87.

www.journalist.uz




* * *


Ilova

Milliy hamkorlar ta’sis etgan nominatsiyalar

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi:


«Mehnat munosabatlari mavzusi eng yaxshi yoritilgan material uchun»;

«Ijtimoiy sheriklik mavzusi eng yaxshi yoritilgan material uchun».

O‘zbekiston Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi:

«Jurnalistika rivojiga qo‘shgan hissasi uchun»;

«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi ijrosi yoritilgan eng yaxshi material uchun».

Xalqaro hamkorlar ta’sis etgan nominatsiyalar

Birlashgan Millatlar tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi axborot markazi:


«O‘zbekiston va BMT hamkorligi yoritilgan eng yaxshi material uchun».

YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi:

«Nogironlar hayoti mavzusi yoritilgan eng yaxshi material uchun».

Evropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti:

«Yoshlarni ekstremizm va terrorizm kabi radikal ta’sirlardan asrash masalalari yoritilgan eng yaxshi material uchun»;

«Mamlakatda davlat hokimiyati organlarining ochiqligi va hisobdorligini oshirish hamda jamoatchilik nazoratini rivojlantirish masalalari yoritilgan eng yaxshi tahliliy material uchun».

Project HOPE (YuSAID dasturi) (AQSh):

«USAIDning sil kasalligiga qarshi kurash dasturi doirasida sil kasalligining oldini olish va davolash masalalari yoritilgan eng yaxshi material uchun».

D V V International (Germaniya):

«Katta yoshdagilar, ayniqsa, ayollarga ta’lim berish, qo‘shimcha yangi hunar inson hayoti yaxshilanishiga qanday yordam berganligining eng yaxshi namunalari aks etgan material uchun».

“Mintaqaviy muloqot” xalqaro tashkiloti (Sloveniya):

«OAV korrupsiyaga qarshi kurashda».

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi:

«Xalq madaniy merosini saqlash masalalari yoritilgan eng yaxshi material uchun»;

«O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik mavzusidagi eng yaxshi material uchun».

XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi:

«Zamonaviy “Ipak yo‘li”ning iqtisodiy salohiyati haqidagi eng yaxshi material uchun»;

«O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarini mustahkamlash (jumladan, Xitoy bilan) borasida olib borilayotgan ishlar haqidagi eng yaxshi material uchun»;

«O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik mavzuidagi eng yaxshi material uchun (ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25-yilligi munosabati bilan)».

"Softline" xalqaro o‘quv markazi (Rossiya Federatsiyasi):

«Axborot xavfsizligi masalalari yoritilgan eng yaxshi material uchun».

4 719






Все о погоде - Pogoda.uz