Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.01.2018 16:07 Chop etish versiyasi

Jurnalistga alam qiladi

Jurnalistga alam qiladi
Mening fikrim

“O‘zbekistonda internet jurnalistikasining ahvoli qanday?” maqolasini o‘qib...

Sanoqli saytlardan tashqari O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan aksariyat internet nashrlar sayt shaklidagi blog-kopirayterlarga aylanib qolgan. Masalan, bir kun ichida O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘lgan o‘n beshta voqelik bir nechta nashrlarning mehnati bilan virtualda yuz ochsa, qolgan o‘nlab boshqa saytlarda ham aynan shu xabarlar “aylanmoqda”. Hatto hozir ana shu ko‘chirib bosish ishlarini ham sayt dasturining o‘ziga avtomatlashtirish yurtimizga kirib kelganiga ancha bo‘ldi. Bir mutaxassis tanishim yaxshigina xizmat haqi evaziga menga ham shunday dasturni taklif qilgandi. Bir necha kun mehnat qilib, izlanib yozgan maqolangiz saytingizga qo‘yishingiz bilanoq komputer dasturchilarining yaratgan “bebaho g‘oya”lari orqali avtomatik tarzda qaysidir boshqa saytda namoyon bo‘lsa, jurnalistga alam qiladi-da...

Bir necha yil avval Amerikaning yirik axborot agentliklaridan biri saytiga kirgan kiberhujumchi uning nomidan Oq uyda portlash yuz bergani va Prezident yarador bo‘lgani haqida axborot tarqatadi. Atiga 16 sekund, e’tibor bering, 16 soniya ichida agentlik buni payqab, xabarni saytdan olib tashlaydi. Ammo ko‘z ochib yumguncha bo‘lgan vaqtda bu axborot “tezkor dastur”larga ega boshqa ko‘plab saytlar orqali tarqalib ketishga ulguradi. Ahmoqning ahmoqligini “aqlli dastur” qayoqdan ham bilsin?! Axborotga chanqoq, virtualdagi yolg‘onlar sabab ongi chalkashib, tobora dunyoga ishonchsizlik bilan qarayotgan boshqalarda nima ayb?! Chinakam jurnalistga bu ham alam qiladi. Masalaning ana shu texnik jihatlarini ham huquqiy tartibga solish ko‘tarilayotgan muammoning yechimlaridan biri bo‘ladi.

Nima qilib bo‘lsa ham tashrif buyuruvchilar sonini ko‘paytirish va daromad ishlash payida bo‘layotganlar aslida jurnalistlar emas, komputer dasturlarining “etuk mutaxassislari”dir. Ular xabar qanday yozilishi-yu, maqola qaysi mehnat evaziga bunyodga kelishini bilmasalar ham tashrif buyuruvchilarni ko‘paytirish orqali reklama jalb etish, virtualda pul ishlash uslublarini yaxshi o‘zlashtirgan.

Nima ham derdik, eng nafis tuyg‘ular nuqtasi kesishgan san’at va madaniyat sohalarida plagiat to‘lib yotgan bugungi kunda “nuqsoni ko‘rimsiz” internet ko‘chirmachilarini kuzatib, shunchaki jurnalistga alam qiladi xolos.
Aytmoqchi bo‘lganim shu ediki, o‘z shaxsiy pozitsiyasiga ega jurnalist Qamariddin Shayxovning “O‘zbekistonda internet jurnalistikasining ahvoli qanday?” nomli maqolasini o‘qib, uning barcha fikrlariga qo‘shilgan holda savolini atroflicha olib, “O‘zbekistonda o‘zi jurnalistika bormi?” degan sarlavhada yurtimiz qalamkashlarini kengroq bahs-munozaraga chorlashni istardim.

Yuzlab tashkilotlarga ixtiyoriy-majburiy obuna qilinayotgan minglab nusxadagi o‘qilmayotgan gazetalar va ularning uvoli, “sahifa to‘ldi-kun o‘tdi”ga ishlayotgan matbuotchilar, o‘z tinchini, faqat ertaga nafaqaga chiqib olishini o‘ylaydigan, yo‘q senzuraga yostiq qilib yonboshlagan bosh muharrirlardan ko‘ra jurnalistni alam qildirgan internet nashrlaridagi o‘sha vijdonsiz ko‘chirmakashlar yaxshiroq!

Alisher ABDUMALIKXON,
«IDROK.UZ» muxbiri
Bahs davom etadi. “Facebook”dagi sahifamizda mulohaza qiling, munosabat bildiring.

O‘zA
6 701