O‘zA O`zbek

19.03.2020 Chop etish versiyasi

Juma namozini uyda jamoat boʻlib oʻqish mumkinmi?

Juma namozini uyda jamoat boʻlib oʻqish mumkinmi?

Mazkur savolga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hayʼati javob berdi.

Koronavirus tufayli ertangi juma namozi oʻqilmasligi, uning oʻrniga uyda har kim peshin namozini oʻqishi lozimligi muftiyat tomonidan eʼlon qilindi. Shu oʻrinda aholida juma namozini uyda jamoat boʻlib oʻqish mumkinmi, degan savol tugʻilmoqda.

Bismillahir Rohmanir Rohim. Shu kunlarda aksar musulmon yurtlarining xalqaro va mahalliy fatvo uyushmalari, ulamolari moʻmin-musulmonlarning jonlarini omon saqlash uchun masjidlarda yigʻilmaslik, xavf oʻtib ketguncha ibodatlarni uyda ado etib turish qaroriga kelishgan. Bunga yetarlicha asos borligini va masala jiddiy ekanligini eslatishgan. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi fatvosida ham juma namozi oʻrniga uyda peshin namozi ado etilishi aytilgan.

Fiqhiy manbalarimizga murojaat qiladigan boʻlsak, juma namozi durust boʻlishi uchun juma namoziga davlat boshligʻi yoki uning oʻrinbosari tomonidan umumiy ruxsat (izni omma) boʻlishi, jumʼa namozini odamlarga davlat boshligʻi yoki muftiy tomondan tayinlangan kishi ado qilib berishi kerak. Demak, juma namozini uyda oʻqilganda mana shu shartlar topilmaydi, natijada namoz durust boʻlmaydi. Bu haqida muhaqqiq olim Mulla Ali Qori rahimahulloh shunday deydilar:

(والإِذْنُ العَامُّ) أي وشرط لأدائها الإذن العامّ لأنها من شعائر الإسلام، فيجب إقامتها على وجه الاشتهار بين الأنام،

yaʼni: “Jumʼani ado qilish uchun umumiy ruxsat (izni omma) boʻlishi shart qilingan. Chunki jumʼa – Islom shiorlaridan biri. Uni odamlar orasida ochiqchasiga qoim qilish shart boʻladi” (“Fathu bobil inoya” kitobi).

Bu mavzuda Ibn Obidin rahimahulloh shunday deydilar:

الْإِذْنُ الْعَامُّ وَهُوَ أَنْ تُفْتَحَ أَبْوَابُ الْجَامِعِ وَيُؤْذَنَ لِلنَّاسِ ، حَتَّى لَوْ اجْتَمَعَتْ جَمَاعَةٌ فِي الْجَامِعِ وَأَغْلَقُوا الْأَبْوَابَ وَجَمَعُوا لَمْ يَجُزْ

Yaʼni: “Umumiy ruxsat – jomeʼ masjidi ochilib, odamlar kirishiga ruxsat boʻlishidir. Hatto, agar masjidda bir jamoat yigʻilib, eshikni yopib olib jumʼa namozini oʻqisalar, namozlari durust boʻlmaydi” (“Raddul muhtor” kitobi).

Eʼtibor berilsa, bu masalada, umumiy ruxsat boʻlmaganda, hatto bir jamoat masjidga kirib, oʻzlaricha juma oʻqisalar ham, namozlari durust boʻlmasligi bayon qilinmoqda.

Xulosa oʻrnida aytamizki, hozirgi sharoitda hammamiz ittifoq boʻlib, shariatimiz koʻrsatmalariga amal qilishimiz, Alloh taoloning sinov-imtihonlaridan goʻzal suratda oʻtishga harakat qilishimiz lozimdir. Nafl ibodatlar, tilovati Qurʼon, duo-tasbehlar, qiyin sharoitda qolganlarga xayru ehson qilish kabi Alloh taologa xush keladigan amallarni koʻpaytiraylik. Boshimizga kelgan sinovni ham savob ishlash uchun gʻanimat fursat, deb bilaylik. Shoyadki, Alloh taolo tez kunlarda fazilatli, katta jamoatlarda namozlarni ado qilishni nasib aylasa, xalqimizga xotirjamlikni qaytarsa. Alloh taolo dunyo musulmonlari, jumladan xalqimizdan turli balo-ofatlarni uzoq qilsin!

4 813
O'zA