O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

JSST bosh direktori : Koronavirusga qarshi dori vositalarini insonlarda klinik sinovdan oʻtkazish boshlanadi

JSST bosh direktori : Koronavirusga qarshi dori vositalarini insonlarda klinik sinovdan oʻtkazish boshlanadi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, koronavirusga chalingan 100 ming nafardan ziyod bemor sogʻayib ketdi, yaqin kunlarda esa dori vositalarini insonlarda klinik sinovdan oʻtkazish boshlanadi.

Bu haqda JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus brinfingda qayd etdi. U, shuningdek, yaqin kunlarda virusga qarshi dori vositalarini odamlarda sinovdan oʻtkazish boshlanishini maʼlum qildi. Biroq koronavirus sayyoramiz boʻylab keng tarqalmoqda: dunyo miqyosida ushbu virusni yuqtirib olganlar soni yarim million nafardan oshdi.

JSST bosh direktori 50 ta mamlakat sogʻliqni saqlash vazirlari bilan oʻtkazilgan onlayn yigʻilish natijalariga koʻra, asosiy vazifalarni: virusni erta aniqlash va infeksiyani yuqtirib olgan insonlarni alohidalash, bemorlar aloqada boʻlgan shaxslarni aniqlash, ularni karantinda saqlash, shuningdek, davolash samaradorligini oshirish zarurligi kabilar belgilab olinganini maʼlum qildi. Shu bilan birga aholi bilan doimiy aloqani yoʻlga qoʻyish ham nihoyatda zarur boʻlib, bu fuqarolarning hukumatga boʻlgan ishonchini oshirib, ularni epidemiyaga qarshi safarbar etishga yordam beradi.

Tedrosning maʼlum qilishicha, shaxsiy himoya vositalarining yetishmasligi bugungi kunda asosiy muammolardan biridir. Oʻz navbatida, JSST eng ehtiyojmand boʻlgan 74 mamlakatga 2 million himoya vositalarini yubordi va yana 60 mamlakatga shuncha miqdorda himoya materiallarini yuborishga tayyorlanmoqda.

Albatta bular yetarli emas, deb taʼkidladi, JSST rahbari va bu borada xalqaro hamkorlik va birdamlik zarurligini qayd etdi. “Past va oʻrtacha daromadli mamlakatlardagi tibbiyot xodimlar boy mamlakatlardagi tibbiyot vakillari bilan bir xil himoyaga loyiqdir”, – deb qayd etdi u.

Virusni aniqlash boʻyicha test sinovlari, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni oʻtkazish uchun komplektlarni ishlab chiqarish boʻyicha ham xalqaro hamkorlik zarur. JSST bosh direktori tez orada Norvegiya va Ispaniyada koʻngilli bemorlarda dori vositalari va kombinatsiyalashgan terapiya sinovdan oʻtkazilishini maʼlum qildi. Bu kasallik jarayonini yengillashtirishga yordam berishi kutilmoqda. Loyiha “Birdamlik tekshiruvi” nomini oldi, unda 45 ta mamlakat ishtirok etmoqda, boshqa koʻplab davlatlar ushbu loyihada qatnashish istagini bildirgan.

“Bu tarixiy sinov boʻlib, u aynan qaysi dorilar yordam berishi toʻgʻrisidagi dalillarni ancha tezroq olish imkonini beradi”, dedi JSST rahbari. Shu bilan birga u “COVID-19”ga qarshi vaksina bir, bir yarim yildan keyin paydo boʻlishini ham maʼlum qildi.

Oʻz navbatida, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ilmiy maʼlumotlar va amaliy tajribaga asoslangan hamda hukumatlar, shifoxonalar va keng omma uchun moʻljallangan 40 ta mukammal tavsiyalarni chop etdi. JSSTning OpenWHO.org sahifasidagi oʻquv kurslarida bir million nafardan ortiq tibbiyot xodimi oʻqitildi. “COVID-19”ga qarshi tashkil etilgan “Birdamlik jamgʻarmasi”ga faqat soʻnggi ikki haftada 203 ta tashkilot va alohida shaxslardan 108 million AQSH dollari kelib tushgan.

984
Ulugʻoy Doliyeva, OʻzA