O‘zA O`zbek

19.07.2020 Chop etish versiyasi

JOYINGIZ JANNATDA BOʻLSIN, USTOZ!

JOYINGIZ JANNATDA BOʻLSIN, USTOZ!

Bugun ustoz Shukrullo yuz yoshga kirishiga bir oy qolganda olamdan oʻtdi, musulmon hisobida 102 yoshda edi. Bu haqda xabar bergan xalqaro Bi-Bi-Si radiosi “oʻzbek adabiyotining vijdoni olamdan oʻtdi” deb yozdi va bunda mubolagʻa yoʻq.

Oʻzbek adabiyotining sermahsul ijod sohiblaridan biri Shukrullo (Shukrullo Yusupov) 1921-yili Toshkentda dunyoga keldi. Boshlangʻich taʼlimni olgach, pedagogika bilim yurti (1935), Toshkent davlat pedagogika bilimgohida (1944) hamda Toshkent davlat dorulfununi qoshidagi aspiranturada tahsil koʻrdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi, badiiy adabiyot nashriyotida muharrirlik qildi.

Shukrulloning birinchi sheʼri “Baxt qonuni” 1939-yilda, dastlabki sheʼriy toʻplamlari — “Birinchi daftar”, “Qalb qoʻshiqlari” 1949-yilda nashr etildi. Dastlabki salmoqli asari “Chollar” (1948) bilan u sheʼriyatimizda dostonchilik janrini rivojlantirishga muhim hissa qoʻshdi. Oʻzbek dehqonlarining fidokorona mehnati, xalqlar doʻstligini kuylash, zamonamiz kishilari ongida Vatan tushunchasining muqaddasligini ifodalash uchun “Ikki qoya”, “Rossiya”, “Toshkent, 26 tongotari”, “Dostonlar” (1970) kabi asarlariga mavzu boʻlgan.

Shukrullo ijodida insonning maʼnaviy kamolotini kuylash birinchi oʻrinda turadi. U asarlarida dastlab hayotimizdan chetda qolganlarni qattiq qoralaydi, kishilarni inson, degan sharafli nomga munosib boʻlishga chaqiradi, insonni ulugʻlovchi fazilatlarning eng buyugi — mehnat deb biladi. Uning bu fikrlari “Hayot ilhomlari”, “Umrim boricha”, “Inson va yaxshilik” (1961), “Inson — inson uchun” (1964) sheʼriy toʻplamlarida oʻz ifodasini topgan.

Shukrulloning dramatik asarlari ham mashhur. Uning “Xatarli yoʻl”, “Tabassum oʻgʻrilari” (1977), “Oʻgʻrini qaroqchi urdi” (1984) dramalari respublikamiz teatrlari sahnasida namoyish qilingan.

Shukrullo “Zarralar” (1973), “Suyanchiq” (1977), “Yashagim keladi” (1978), “Sening baxting” (1986), sheʼriy majmualarini hamda “Kafansiz koʻmilganlar” romanini oʻquvchilar hukmiga havola etdi. U oʻzining “Zarralar” toʻplamida oʻzbek sheʼriyatidagi ruboiy janrini yangi mazmunda davom ettiradi. Ularda hayot saboqlaridan chiqariladigan katta mazmundagi xulosalarini ixcham, loʻnda ifodalab berdi.

Shukrullo “Toshkent, 26 tongotari" dostoni uchun Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan.

Qatagʻonlik davrining ikkinchi toʻlqini jabrini chekkan, Sibirga badargʻa etilgan oʻzbek ijodkorlaridan, shoʻro hukumati lagerlarida ogʻir azob-uqubatlarni oʻz boshidan kechirgan jabrdiydalardan biri hamdir. Uning “Kafansiz koʻmilganlar” romani ana shu voqealarning badiiy ifodasidir. Shukrullo ham ijodkor, ham jamoat arbobi, Oʻzbekiston xalq shoiridir.

Rasul Hamzatov Shukrullo akaga jilmayib: “Xudo senga bir unvon beradi, uning nomi – umrdir, hayotdir”, - degan ekan. Haqiqatan ham, ustozni Alloh unga choh qaziganlardan koʻra uzun umr bilan siladi.

Oʻlim haqligini bilaman men ham

Dunyoda ikki bor oʻlmaydi hech kim!

Oʻlim haq ekanmi, oʻn bor oʻlsam kam,

Sening erking uchun sevikli xalqim.

Shoirning ana shu satrlari katta haqiqatdir. Qachon oldiga borsang, yuz yosh ostonasida ham soʻraydigan narsalari shu edi: “Odamlar qanday yashayapti? Koʻchada nima gaplar?”.

Soʻnggi lahzalarigacha ustozni teran bir aql, jamiyat uchun kuyunchaklik tark etmadi. Xalqning, yurtning taqdiriga masʼul sezardi oʻzini, ziyoli insonning yuki ogʻir ekanini, kechayotgan jarayonlarga javobgar ekanini taʼkidlardi.

Bir kuni kirsam: “Televideniye boshligʻining qabulxonasiga telefon qildim. Boshliqqa ulamadi, lekin yordamchisiga aytdim: “Ey, gumrohlar, erta-kech Abulqosim yo Registon madrasasi oldida ishtonsiz qizlar gimnastika qilganini, raqs tushganini qoʻyasanlar. U yerlarda ayol qadami tegmagan, pirlar namoz oʻqigan. Oyoq osti qilmalaring!” - dedim”.

Boshqa gal koʻrganda: “Anavi shoir madaniyat va sport vaziri boʻlgandi, avval bir telefon qilib sogʻliqni soʻradi, keyin oʻzim telefon qilsam yordamchilari doim “majlisdalar” deydi, bular majlisdan boshqa ish ham qiladimi?!” “Nima ishingiz bor edi, ustoz?” “Madaniyat va sport bitta vazirlik boʻlgani gʻalati – madaniyat, adabiyot qalbni oʻstiradi, sport tanni oʻstiradi. Qachon qarama radio, gazetu jurnal sportchilarni, chempionlarni koʻrsatadi. Muskulning katta boʻlgani yaxshi, lekin qalb nima boʻladi, ruhiyat qay ahvolda – buni ham oʻylashyaptimi?!”

Sibirdagi mehnat lagerida boshidan kechirganlari ham, koʻp yillik taʼqib va quvgʻinlik ham qalblarini qotirmagan edi, juda mehribon va shafqatli, hammaga yaxshilik qilgan inson edi. Ogʻir davr haqida yozishdan hayiqmagandi. “Kafansiz koʻmilganlar” hamda “Tirik ruhlar” roman-xronikasida oʻsha davrlarni tasvirlagan.

Tarjimalar qilgan. Ustoz Karlo Gotssining “Baxtiyor gadolar” pyesasini, Petyofi, T.Shevchenko, Q.Quliyev va boshqa shoirlarning sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Shukrulloning asarlari esa rus, arab, turk, ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq, qirgʻiz tillarida nashr etilgan.

Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti, “Doʻstlik” (1994) va “El-yurt hurmati” (1999) ordenlari bilan mukofotlangan.

Turk dunyosining 2017-yildagi madaniy poytaxti — Turkiston shahrida boʻlib oʻtgan Turk dunyosi adabiy nashrlari muharrirlarining 7-kongressida Yevroosiyo Yozuvchilar uyushmasining “Turk dunyosida yilning adabiyot kishisi-2016” mukofoti Shukrulloga taqdim etilgan edi.

Odil Yoqubovni koʻp eslardi va soʻnggi yillar Oybek, Shayxzoda va Odil Yoqubovning hammaga yaxshilik, kechirimlilik yoʻlini eʼtirof etardi: “Qachon eslamay, uning bir falsafasi yodimga tushadi. Odil gina bilmasdi, u mayda gaplardan, yuzaki fikrlashdan uzoq odam edi. Odilning oʻziga xos yuksak fazilati shunda ediki, oʻziga yomonlik qilgan odamga ham yomonlik qilishni xayoliga keltirmas, aksincha, hech narsa roʻy bermagandek doʻstona munosabatda boʻlib ketaverardi. Kunlardan bir kun bir sabab bilan unga dedim: – Odiljon, betayin odam boʻlib qopsizmi!.. — Ha, Shukrullo aka, nima qilibman? — Nima qilibman deysiz-a! Anavi ustingizdan yozgan, yomonlik qilgan hasadgoʻy bilan bemalol ulfatchilik qilib yuribsizku! Odil gapimga xafa boʻlish, hayron boʻlish oʻrniga baralla kulib: Hoy, Shukrullo aka, siz qiziq odamsizda! Buni nimasi yomon! Axir, buni hayot deydilar! Hayot oʻzi shuku! Hayot murosa, sabr, yaxshilik, dedi. Odilning oliyjanobligi shunda ediki, u yomonlik qilgan odamga ham oʻrni kelsa yaxshilik qilib ketaverardi”. Shukrullo aka ana shu avlodning vorisi edi. Ularning adabiyotga qoʻygan mehri ham, soʻzga munosabati ham, yurt uchun masʼuliyati ham oʻzgacha edi.

Ustozning foniy dunyodagi hayot yoʻli nihoyasiga yetdi. Boqiy dunyosi boshlandi. U yelkasiga olishga tayyorlarga soʻz uchun, yurt uchun, el uchun masʼuliyatni meros qoldirdi.

Karim BAHRIYEV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

19 242
O'zA