O‘zA O`zbek

06.08.2018 17:11 Chop etish versiyasi

Joriy yilning olti oyida 2 trillion 271 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi

Joriy yilning olti oyida 2 trillion 271 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimiz iqtisodiyotining boshqa sohalari qatori sanoatning qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘iga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizdagi bunyodkorlik ishlarida mahalliy xomashyodan tayyorlangan qurilish materiallaridan unumli foydalanish maqsadga muvofiq. Chunki, bunday mahsulotlar sifati, chidamliligi va arzonligi bilan chet eldan keltirilgan bu kabi qurilish materiallaridan har tomonlama afzaldir.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarning ham hissasi katta bo‘lmoqda. Bugungi kunda ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan sement, ohak, qurilish oynasi, keramik plitalar, santexkeramika mahsulotlari, keramogranit, “sendvich” panellar, yumshoq tomyopqich materiallari, bazalt armaturasi, suyuq gulqog‘oz (oboy), issiqlikni saqlovchi kabi materiallarga talab va ehtiyojning yildan-yilga ortayotgani bunga yaqqol misoldir.

Masalan, joriy yilda jamiyat tarkibidagi korxonalar tomonidan jami 3 trillion 800 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va o‘sish sur’atini 2017 yilga nisbatan 107 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Belgilangan reja bo‘yicha e’tiboringizni o‘tgan olti oylik natijalarga qarataylik. Bunda jami 2 trillion 271 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 101 foizga yetkazildi. Shuningdek, bu davrda 183,3 milliard so‘mlik iste’mol tovarlari ishlab chiqarilishi evaziga o‘sish 107,7 foizga ta’minlangani yanada e’tiborga loyiq.

Joriy yilning birinchi olti oyida 3693,1 ming tonna sement, 6,2 million kvadrat metr qurilish oynasi, 41,9 ming tonna quruq qurilish qorishmalari, 40,7 ming tonna qurilish gipsi, 16,7 ming tonna ohak, 29,7 million dona devorbop materiallar, 3,1 million dona shifer, 25,8 ming dona santexkeramika mahsulotlari kabi sifatli va arzon, mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqarilganligi shular jumlasidandir.

Keramik plitkalar, santexkeramika mahsulotlari, keramogranit, “sendvich” panellar, yumshoq tomyopqich materiallari, bazalt armaturasi, suyuq gulqog‘oz (oboy), issiqlikni saqlovchi materiallarni o‘zlashtirishning yo‘lga qo‘yilishi ham sohada erishilgan yutuqlardandir.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 751