O‘zA O`zbek

08.08.2018 16:36 Chop etish versiyasi

Joriy yil 1-sentyabrdan yangi “xavfni boshqarish” tizimi ishga tushishi

Joriy yil 1-sentyabrdan yangi “xavfni boshqarish” tizimi ishga tushishi
“Xavfni boshqarish” – bu qanday tizim?

Xalqaro press-klubda bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi strategik vazifalarga bag‘ishlangan maxsus sessiya tashkil etildi.

Unda Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati va qo‘mita tarkibiy tuzilamalari boshliqlari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, tadbirkorlik subyektlari ishtirok etdi.

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.Azimov va boshqalar Prezidentning 2018 -yil 12-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohani har tomonlama rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Bugungi kunda bojxona qo‘mitasi tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyatda muammolarni o‘rganish, bartaraf etish, tadbirkorlarga qulay sharoit yaratish, bojxona qonunchiligini takomillashtirish va uning sodda xalq tilida bo‘lishini ta’minlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda xavfni boshqarish tizimini keng qo‘llagan holda soddalashtirilgan va shaffof bojxona ma’murchiligini yo‘lga qo‘yish kabi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Press-klubda joriy yil 1-sentyabrdan yangi “xavfni boshqarish” tizimi ishga tushishi haqida ma’lumot berildi. “Xavfni boshqarish” tizimi halol tadbirkorlik subyektlariga bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirgan tartibda tezkorlik bilan o‘tkazish, aksincha, belgilangan bojxona qoidalarini buzgan tadbirkorlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash maqsadida yaratilgan. Eksport-import qilinayotgan tovarlar faqat dastlabki bojxona rejimiga rasmiylashtirish vaqtida xavfni boshqarish tizimini qo‘llash asosida tanlab tekshirish prinsipiga rioya etilib, bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi.

Bojxona xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan tadbirlar va bojxona ko‘riklari natijasida jami 5 ming 215 huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, qiymati 69,9 milliard so‘mlik tovarlar olib qo‘yilgan. Aniqlangan huqubuzarliklarning 230 holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Joriy yilda tovarlarni soxta kuzatuv hujjatlari asosida chegaradan olib o‘tish va rasmiylashtirish bilan shug‘ullangan 20 tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari (TIF)ning jinoiy faoliyati fosh etilib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va jami 135,2 milliard so‘mga yaqin qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblangan. Bundan tashqari, 60 TIF qatnashchilari tomonidan 24,5 milliard so‘mlik bojxona imtiyozlaridan noqonuniy foydalanganlik holati aniqlandi.

2018-yil 1-sentyabrdan Davlat bojxona qo‘mitasining veb-saytida “Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmati joriy etiladi. Unga ko‘ra, tovarlarning bojxona chegarasi orqali harakati rejimini tartibga soluvchi bu xizmat barcha normativ hujjatlar va ushbu hujjatlarni beruvchi organlar to‘g‘risidagi batafsil axborotni, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish uchun boshqa ma’lumotlarni real vaqt rejimida bepul asosda olish imkonini beradi. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat amalga oshirilganda davlat organlariga “Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmatida nazarda tutilmagan ma’lumot va hujjatlarni talab qilish man etilishi belgilab qo‘yildi.

Mutaxassislar tomonidan katta hajmdagi yuk tashuvchi mahalliy va xorijiy avtotransport vositalarida mamlakatimiz hududida tashuvchilarga ruxsatnoma hujjatlari berishga doir jarayonlarning soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilishi haqida ham ma’lumot berildi.

D.Sunnatov, O‘zA
2 330