O‘zA O`zbek

06.11.2019 Chop etish versiyasi

Jizzaxda “Oltin kuz – 2019” agroturistik festival boshlandi

Jizzaxda “Oltin kuz – 2019” agroturistik festival boshlandi

Jizzax viloyatining turistik imkoniyatlarini targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan “Oltin kuz – 2019” agrofestivalida mamlakatimizning barcha hududlari va qoʻshni davlatlar turoperatorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etayotir.

Festivalning birinchi kuni ishtirokchilar Jizzax shahrining diqqatga sazovor joylarida boʻlib, hududning turistik salohiyati namoyishiga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy tadbirda qatnashdi.

Ular yurtimizning atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 102-yilligiga bagʻishlangan tadbirlarda ishtirok etib, uning uy muzeyi bilan tanishdi. Hamid Olimjon Zulfiya muzeylariga tashrif buyurdi.

Festival tadbirlari doirasida shaharning markaziy koʻchasi boʻylab tashkil qilingan qadim savdogarlar va sayyohlar koʻrinishidagi “Buyuk ipak yoʻli karvoni Jizzax boʻylab” yurishi boʻldi. Tuya karvonlari bilan yuzlab yoshlar ishtirok etgan tarixiy manzarani aks ettirishda festival mehmonlari ham qatnashdi.

Festivalning navbatdagi tadbirlari joriy yilda rekonstruksiya qilingan Oʻrda ekologik bogʻida davom etdi. Bogʻda barcha tumanlardagi mirishkor dehqonlar xamda bogʻbon fermerlar tomonidan oʻzlari yetishtirgan mahsulotlarning yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkadagi qishloq xoʻjalik mahsulotlari, ularni yetishtirish usullarini festival ishtirokchilari katta qiziqish bilan tomosha qildi.

Bogʻda oʻrnatilgan panno va boshqa koʻrgazmali vositalar orqali Jizzaxning tarixi, buguni, tabiati, iqlimi, madaniyati haqida barcha maʼlumotlar namoyish etildi.

Insoniyatning qadim maskanlaridan biri boʻlgan Jizzax hududida turli davrlarga daxldor 300 dan ortiq tarixiy meʼmorchilik va sanʼat yodgorliklari saqlanib kelinmoqda. Turkiston va Nurota togʻlari, Aydar-Arnasoy koʻllari oraligʻida joylashgan hududning tabiati, iqlimi, relyefi, hayvonot va nabotot olami gʻoyat xilma-xil. Viloyatda 3 ta alohida qoʻriqlanadigan tabiiy hudud – Zomin va Nurota davlat qoʻriqxonalari, Zomin milliy bogʻi joylashgan. Bu oʻziga xos xilma-xillik sayyohlar eʼtiborini tortib, turizmni rivojlantirishning keng istiqbollarini ochib berayotir.

Viloyatda sayyohlikning noanʼnaviy turlari – ekoturizm, agroturizm, tibbiyot turizmini rivojlantirish imkoniyatlari katta. Shu bois viloyatga keluvchi mehmonlar oqimi yanada ortishini hisobga olib, joylarda turistlar uchun shart-sharoitlar yaratish, hududlarning infratuzilmasini yaxshilash choralari koʻrilmoqda.

Hozirgi kunda viloyatda 33 ta mehmonxona, 1 motel, 45 ta oilaviy mehmonxona uylari va 2 ta kemping xorijiy va mahalliy sayyohlarga xizmat qilayotir.

Viloyatda ekoturizm, sogʻlomlashtirish turizmi, gastronomik turizm bilan birga agroturizmni rivojlantirish imkoniyatlari ham katta. Jumladan, Forish, Mirzachoʻl, Baxmal, Zomin, Gʻallaorol, Arnasoy va Sharof Rashidov tumanlaridagi yetishtirilayotgan tuya suti, olma, poliz mahsulotlari davolash xususiyatlariga egaligi bilan muhim ahamiyatga ega.

Keyingi yillarda ushbu turistik imkoniyatlardan samarali foydalanish boʻyicha izchil tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada ikki yil ichida viloyatga kelayotgan sayyohlar soni deyarli ikki baravarga koʻpayib, 800 mingdan oshdi.

Bogʻda shu yaqinda ishga tushirilgan amfiteatrda viloyat badiiy jamoalari, folklor-etnografik ansambllarining konsert dasturlaridagi oʻziga xos xalq ogʻzaki ijodi namunalari ijrosi, udum va anʼanalardan sahnalashtirilgan koʻrinishlar festival ishtirokchilariga xush kayfiyat bagʻishladi.

– Hududimizda turizmning noanʼanaviy yoʻnalishlarini rivojlantirish imkoniyatlari katta, – deydi Turizmni rivojlantirish viloyat boshqarmasi boshligʻi Lola Sanayeva. – Shuning uchun viloyatda turizmni rivojlantirish dasturida ekoturizm, agroturizm va etnik turizm kabi yoʻnalishlardagi yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga eʼtibor qaratayotirmiz. Maqsadimiz turizmni rivojlantirishga xorijlik investorlarni ham jalb etish. Ushbu festival ham bu maqsadni amalga oshirishimizda muhim qadamlarimizdan biri boʻladi.

Festival dasturiga koʻra agroturizm tadbirlari Baxmal va Zomin tumanida davom etadi.

559
Toshqul BEKNAZAROV, Jamshid YORBEKOV (surat), OʻzA