O‘zA O`zbek

07.09.2018 18:04 Chop etish versiyasi

Jizzaxda ilk xususiy maktab ochildi

Jizzaxda ilk xususiy maktab ochildi Jizzax shahrida “Jizzakh international school” xususiy maktabi ish boshladi.

Mamlakatimiz taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, sohada xususiy sektorga keng oʻrin berilayotgani taʼlim sifati va samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Tijorat bankining 250 million soʻmlik krediti koʻmagida barpo etilgan “Jizzakh international school” xususiy maktabida ham barcha qulayliklar yaratilgan. Taʼlim muassasasiga sinov yoʻli bilan malakali mutaxassislar tanlab olindi. Har bir sinf xonasi oʻquvchilar uchun yakka tartibdagi stol-stullar, elektron doska va boshqa oʻquv-koʻrgazmali vositalar bilan jihozlandi.

– Muassasamizda eng ilgʻor taʼlim uslublari orqali aniq fanlar va ingliz tilini oʻrgatish, taʼlim berish jarayonida zamonaviy texnologiyalarni, rivojlangan mamlakatlar taʼlim dasturlarini joriy etish imkoniyati mavjud, – deydi maktab direktori Fotima Abdullayeva. – Bu yil 1-sinfga 72, 2,3,4 va 5-sinflarning har biriga 24 nafardan oʻquvchi qabul qilindi.

Oʻquvchilarning ovqatlanishi, ayniqsa, boʻsh vaqtida maktab ichkarisida hordiq chiqarishi, sport bilan shugʻullanishi, tadbirlar oʻtkazishi uchun barcha sharoitlar bor. Maktab shifokori oʻquvchilarning salomatligini doimiy nazorat qilib boradi. Oʻquvchilarga uch mahal issiq ovqat beriladi.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat) OʻzA
2 143