O‘zA O`zbek

11.09.2018 13:17 Chop etish versiyasi

Jizzaxda Belarus Respublikasi kompaniyasi yirik loyihani amalga oshiradi

Jizzaxda Belarus Respublikasi kompaniyasi yirik loyihani amalga oshiradi

Jizzaxda shu yilning 29-30-avgust kunlari boʻlib oʻtgan Xalqaro investitsiya forumi doirasida Belorus Respublikasining “Belalek grupp” kompaniyasi va “Zomin-farm” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida shartnoma tuzilgan edi.

Bu kelishuv har ikki tomon uchun ham juda samarali boʻlishi kutilmoqda. Shartnomaga koʻra, “Zomin-farm” erkin iqtisodiy zonasida “Virusga qarshi zamonaviy dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish” loyihasi amalga oshiriladi. Umumiy qiymati 5 million dollarlik loyihaning 2,5 million dollarini toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya, 2,5 dollarini “Zomin-farm” masʼuliyati cheklangan jamiyatining ulushi tashkil etadi.

Forum ishtirokchilari Jizzax viloyatida farmatsevtika sanoatini rivojlantirish imkoniyatlariga katta qiziqish bilan qarab, “Zomin- farm” erkin iqtisodiy zonasi bilan tanishgan edi.

Prezidentimizning 2016-yil 26-oktyabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi farmoni bilan mamlakatimiz hududida tashkil etilgan “Navoiy”, “Angren”, “Jizzax”, “Urgut”, “Gʻijduvon”, “Qoʻqon” hamda “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarida iqtisodiyotining real sektorlariga investitsiya kiritish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida belgilangan soliq va bojxona imtiyozlari xorijlik ishbilarmonlarni oʻziga jalb etishda muhim omil boʻlayotir.

Farmonga asosan, ushbu zonalar ishtirokchilari kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab 3 yildan 10 yil muddatgacha yer soligʻi, foyda soligʻi, mol-mulk soligʻi va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlardan foydalanadilar. Ayni paytda “Zomin-farm” erkin iqtisodiy zonasida ham mazkur imtiyozlar amal qilmoqda.

Ushbu imkoniyatlardan foydalanib viloyatda farmatsevtika tarmogʻini barqarorlashtirish, aholini dori vositalari bilan taʼminlashni yaxshilash, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda “Zomin-farm” erkin iqtisodiy zonasi hududida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, viloyat hokimligi hamda “Zomin- farm” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi bilan hamkorlikda 2018-2020-yillarda qiymati 854 milliard soʻmlik 11 loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Shundan 785 milliard 700 million soʻmlik 2 korxonaning 6 loyihasi “Zomin- farm” erkin iqtisodiy zonasi hududida amalga oshiriladi.

Toshqul Beknazarov, OʻzA
1 301