O‘zA O`zbek

06.07.2018 19:20 Chop etish versiyasi

Jizzaxda 3 ming 500 dan ortiq fuqaro ishga joylashdi

Jizzaxda 3 ming 500 dan ortiq fuqaro ishga joylashdi
Jizzaxdagi “Yoshlar shaharchasi”da viloyat hokimligi, prokuraturasi va bandlik bosh boshqarmasi hamkorligida “Faol mehnat va harakat – kelajak garovi” shiori ostida tashkil etilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida 11 mingdan ziyod fuqaro ishtirok etdi.

Unda 1 ming 400 dan ziyod korxona-tashkilot va boshqa ish beruvchilar 6 ming 912 ish o‘rni bilan qatnashdi.

Yarmarkaga oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlar, Qurolli Kuchlar safidan zaxiraga bo‘shatilgan yigitlar va boshqa toifadagi ishsiz fuqarolar taklif etildi.

“Yoshlar shaharchasi”ning katta hududini band etgan yarmarkada viloyatning barcha shahar va tumanlaridan 362 sanoat subyekti, 50 nafar hunarmand o‘z mahsulotlari, xizmatlari ko‘rgazmalarini namoyish etdi.

Bugungi kunda viloyatda ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar 46 ming 500 nafarni tashkil etmoqda. Bu iqtisodiy faol aholining 9,1 foizi demakdir.

7.JPG

2017-2018 o‘quv yilida viloyatdagi 2 oliy o‘quv yurtini 2 ming 581 nafar oliy, 76 ta kasb-hunar kollejini 18 ming 913 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli yosh mutaxassis bitirdi.

Viloyat aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi bo‘yicha joriy yilda 21,4 mingta ish o‘rni yaratish belgilangan. Prezidentimizning joriy yil 30-31 mart kunlari viloyatga tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalarga muvofiq, qo‘shimcha 33,5 mingta, jami qariyb 55 ming ish o‘rni tashkil etilishi rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida 19,1 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tadbirlarda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur dastur doirasida yoshlar uchun zarur sharoitlar yaratish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarga o‘z biznesini yuritishiga ko‘maklashish maqsadida 12 tijorat banki tomonidan 110 nafar yoshlar tadbirkorlikka jalb etilib, ularga jami 1 milliard 870 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratish uchun sertifikatlar berilishi belgilandi.

Yarmarka davomida tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 20 nafar yoshlarga kredit ajratish bo‘yicha ana shunday sertifikatlar topshirildi.

– Tuman bandlikka ko‘maklashish markazi taklifi bilan ushbu yarmarkada qatnashib, bankdan kredit olish uchun sertifikatga ega bo‘ldim, – deydi Sharof Rashidov tumanidan kelgan Asror Mamajonov. – Kredit mablag‘i bilan eshik-rom yasash yo‘nalishidagi faoliyatimizni rivojlantirib, yangi ish o‘rinlari yaratamiz.

Tadbirda band bo‘lmagan fuqarolar o‘zlari egallagan kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha korxonalar tomonidan taqdim etilayotgan ish joylarini erkin ravishda tanlash, mehnat shartnomasi tuzish, mehnat va bandlik masalalarida o‘zini qiziqtirgan savollarga javob olish, o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan yoshlarga tijorat banklari tomonidan kredit ajratish shartlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Yarmarkada jami 3 ming 533 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun sertifikat berildi. Jumladan, ish so‘ragan fuqarolardan 423 nafari sog‘liqni saqlash, 576 nafari ta’lim, 309 nafari sanoat va qurilish, 171 nafari xizmat ko‘rsatish, 2 ming 54 nafari boshqa sohalarga ishga joylashadigan bo‘ldi. 2 ming 54 nafar vaqtinchalik band bo‘lmagan fuqaroga haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ishtirok etish uchun sertifikat topshirildi. Shuningdek, mehnat huquqi, ishga joylashish tartiblari to‘g‘risida tushunchalar berildi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi E.Soliyev so‘zga chiqdi.

T.Beknazarov, O‘zA

Jamshid Yorbekov olgan suratlar
3 722