O‘zA O`zbek

30.08.2018 20:06 Chop etish versiyasi

Jizzaxda 25 oilaning orzusi ushaldi

Jizzaxda 25 oilaning orzusi ushaldi Mustaqillik bayrami arafasida Jizzax shahrida nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan oilalar vakillaridan 25 nafariga yangi uy-joy kaliti topshirildi. Bu xayrli ish uchun boʻsh turgan bino toʻliq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy turar joyga aylantirildi.

Uyning topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xonadon sohiblari va ularning yaqinlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda ehtiyojmand, ijtimoiy koʻmakka muhtoj insonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar zamirida xalqimizga xos mehr-oqibat, bagʻrikenglik, muruvvat va saxovatpeshalik kabi olijanob fazilatlar mujassam. Bu xalqparvarlik tamoyili eng ulugʻ, eng aziz ayyom –Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami arafasida yanada yaqqol namoyon boʻlmoqda.

17.JPG

– Jismoniy imkoniyatim cheklangani bois boshqalar qatori mehnat qilib, mablagʻ jamgʻarish haqida oʻylay olmadim, – deydi yangi xonadon sohiblaridan biri Rustam Bolibekov. – Uy qurish yoki sotib olishga imkoniyating yoʻqligi, oilang bilan ijarada yashash ruhingni yanada tushirib yuboradi. Davlatimizning bu gʻamxoʻrligi oilamizga nur olib kirdi, tushkunlik aridi. Buning uchun Prezidentimizdan behad minnatdormiz.

Tadbir doirasida nogironligi boʻlgan fuqarolar oʻzlari yashaydigan yaqin hududdagi korxona-tashkilotlarga kasanachilik, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga joylashtirildi.

Toshqul Beknazarov, J.Yorbekov (surat), OʻzA
1 731