O‘zA O`zbek

13.02.2018 18:12 Chop etish versiyasi

Jizzaxda 2017-yilda yaxshi natijalarga erishgan 64 nafar sportchi taqdirlandi

Jizzaxda 2017-yilda yaxshi natijalarga erishgan 64 nafar sportchi taqdirlandi 2017-yilda viloyat sportchilari 22 xalqaro va 55 mamlakat miqyosidagi musobaqalarda qatnashgan. Ularning 16 nafari sport ustasi, 154 nafari sport ustaligiga nomzod va 198 nafari 1-darajali sportchi talablarini bajargan. Razryadli sportchilar tayyorlash bo‘yicha, ayniqsa, olimpiya sport turlari bo‘yicha shug‘ullanayotgan viloyat sportchilarning 58 nafari O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosidir.

Viloyat sportchilari boks, yengil atletika, dzyudo, yunon-rum kurashi, turon, sambo va qo‘l jangi kabi sport turlaridan yaxshi natijaga erishmoqda. Jumladan, ular 2017-yilda o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda 18 oltin, 12 kumush, 24 bronza, mamlakat miqyosida 122 oltin, 126 kumush, 230 bronza medalini qo‘lga kiritgan.

8.JPG

Tailandda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida Samandar Xolmurodov boks bo‘yicha oltin medalga sazovor bo‘ldi. Sportning ushbu turi bo‘yicha Go‘zal Ismatova, E’zoza Meliyeva, Maftuna Meliyeva va Aziza Yoqubovalar Buxoro shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirda o‘z vazn toifasida g‘olib chiqdi. Yana bir bokschi Bobousmon Botirov Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan “Islom birdamligi o‘yinlari”da shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Shuningdek, Filippinda yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida charm qo‘lqop ustalari Shoxruh Almatov oltin va Komron Rahmatov bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Iste’dodli sportchilar yetishib chiqishida viloyatda o‘tkazilayotgan turli ommaviy sport tadbirlari muhim ahamiyat kasb etayotir. Xususan, o‘tgan yili viloyatda 634 marta ommaviy sport tadbirlari o‘tkazilgan va ularda 95 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etgan.

9.JPG

– Mamlakatimizda sport bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan imkoniyatlar yoshlarga o‘z iste’dodini namoyon etishi, orzularini ro‘yobga chiqarishiga keng yo‘l ochib bermoqda, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, xalqaro toifadagi sport ustasi Yoqutxon Xolbekova. – Yanvar oyida Germaniyada bo‘lib o‘tgan chang‘i bo‘yicha xalqaro musobaqada yuqori natijaga erishib, shu yilning 9-18 mart kunlari Janubiy Koreyaning Pxyonchang shahrida o‘tkaziladigan XII qishki paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdim. Ayni paytda mazkur musobaqaga tayyorgarlik ko‘rmoqdaman.

11.JPG

Ustoz va murabbiylarga, mutaxassislarga, sport faxriylari, homiylar va jamoat tashkilotlari faollariga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Soliyev so‘zga chiqdi.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA
12 406