Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.08.2017 15:57 Chop etish versiyasi

Jizzax politexnika institutida "Harakatlar strategiyasi" xonasi ish boshladi

"Taraqqiyot strategiyasi" markazining Jizzax viloyatidagi bo‘limi – "Harakatlar strategiyasi" xonasi amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, ahamiyati va samaralarini muhokama qilish, davlat idoralari va xalq o‘rtasidagi ochiq muloqotni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishda o‘ziga xos zamonaviy media maydon vazifasini o‘taydi.

Prezidentimizning joriy yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimiz davlat boshqaruvi tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur hujjatda hayotiy islohotlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari, mamlakatimizda islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama uyg‘un, jadal rivojlantirish, barcha sohalarni modernizatsiya qilish va erkinlashtirish yo‘llari belgilab berilgan.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 14-fevraldagi Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga doir tashkiliy chora-tadbirlarga oid farmoyishi asosida Toshkent shahrida "Taraqqiyot strategiyasi" markazi faoliyat olib bormoqda. Markaz Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan tadbirlarning ekspertlik va jamoatchilik muhokamasini samarali tashkil etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish, ularni amalga oshirish, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar va olimlarni mamlakatimizni demokratlashtirish hamda modernizatsiya qilish jarayonlariga faol jalb etishga qaratilgan ishlarni bajarmoqda.

Jizzaxda mazkur markaz xonasi ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda senatorlar, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, viloyat davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

"Harakatlar strategiyasi" xonasi uchun ajratilgan zal siyosiy-o‘quv adabiyotlari, axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan. Bu yerda Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi monitoringini olib borish, yangi qonun va qonunosti hujjatlari, mamlakatimizda ro‘y berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlar muhokamalari, brifing, tok-shou, bahs-munozaralar, intervyu va matbuot anjumanlari tashkil qilish uchun barcha qulaylik yaratilgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burhonov va boshqalar ushbu xona Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshiradigan ishlar haqida so‘z yuritdi. Uning asosiy vazifasi – “Taraqqiyot strategiyasi” markazining hududdagi bo‘limi sifatida Harakatlar strategiyasi va uning asosidagi davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar bo‘yicha aholi fikrini o‘rganish, ular yuzasidan takliflar ishlab chiqishda faol ishtirok etishdan iborat ekaniga e’tibor qaratildi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi U. Uzoqov so‘zga chiqdi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
769






Все о погоде - Pogoda.uz