O‘zA O`zbek

29.08.2018 16:48 Chop etish versiyasi

Jizzax guzarlari

Jizzax guzarlari
Guzar – bu mahalla markazida quriladigan choyxona tipidagi bino emas. Bu yerda insonning hayotiy ehtiyojlarini qondiradigan hamma infratuzilma boʻlishi kerak.

– Mahallamiz raisi Hayitboy Urdushev “Toshloq” guzari qurilishiga siz masʼul, deb menga aytganda shoshilib qoldim, – deydi yoʻl quruvchisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Zokir Mansurov. – Axir shuncha hajmdagi ishni zimmaga olishning oʻzi boʻladimi?! Keyinchalik bilsam, shunday masʼuliyatli vazifa tadbirkor uchun yuk emas, sharaf ekan. Guzarlar qurilishi muhokama qilingan yigʻilishda gʻoya tashabbuskori “Bu ish har biringizga haykal boʻladi” deganda, ochigʻi, qanot bogʻlaganday boʻldim. Oʻshanda uzoqni koʻzlab ish tutilganiga bugun imon keltirdik. Har tong “Toshloq” guzariga yoʻlim tushadi, chinakam bunyodkorlik ishlariga daxldor boʻlganimizdan gʻururga toʻlaman.

– Baribir shunday qurilishni barpo etish oson boʻlmagandir? – soʻraymiz suhbatdoshimizdan.

– Xalq hasharining qudratiga amalda ishonch hosil qildik, – deydi Zokir aka. – Agar guzarda nonvoyxona qurilishi kerak boʻlsa, belgilangan novvoy shu nuqtaga masʼul boʻldi, qassobxonaga alohida odam, tikuvchilik ustaxonasiga yana kimdir, zardoʻzlik sexiga boshqa kishi, kitob doʻkonchasiga kitob sotuvchi ishga kirishdi. Adolat yuzasidan aytish kerak, viloyat hokimligi vakili Oʻktam Tursunov qurilishga tadbirkorlarni safarbar etishda katta jonbozlik koʻrsatdi.

– Xuddi mana shunday bunyodkorlik harakati Jizzaxning boshqa mavzelarida ham avj oldi. “Kim guzar qursa, oʻziga haykal yaratadi” degan qanotbaxsh ibora hayotda chin isbotini topdi. Bugungi kunda jizzaxliklar Ravalliq guzari haqida gap ketganda Qosim Rahimov, Oqqoʻrgʻonlik guzari bagʻridagi qulayliklardan bahramand boʻlganda oʻsha yillavrdagi viloyat DAN rahbari Nabi Murodov nomini, Hamzaobod guzariga qadam qoʻyganda Hasanboy Moʻminov nomini hurmat va ehtirom bilan tilga olishadi. Xuddi shuningdek, Qaliya, Madaniyat mahalla guzarlari shaharning eng diqqatga sazovor joylari qatoridan oʻrin oldi. Kun issigʻida gulzorlarga tutash maskanda esgan hur-hur shaboda koʻngillarga orom berardi.

Guzar xalqning quvonch va tashvishlarini jamlagan joy boʻlgani uchun bu yerda kriminogen vaziyatni kuzatish qulay, – deydi “Toshloq” mahalla profilaktika inspektori Bekzod Shavkatov. – Uch mingga yaqin aholi yashaydigan mahallada jinoyatchilik keskin kamaydi.

Har bir guzarda salkam 50 kishi ish bilan taʼminlandi. Bu yerda ishlayotgan kishilar odamlar ehtiyojini qondirayotganidan mamnun. Har jihatdan koʻrkam, ozoda, qulay maskan mahalliy aholiga shu qadar maʼqul keldiki, agar uylariga mehmon kelsa, “Yuring, guzarga chiqaylik” deb taklif qiladigan boʻlishdi. Bu yerda Jizzax somsasi, mazali jiz, turli tansiq taomlar kun boʻyi tayyor boʻladi.

– Jizzax guzarlari juda fayzli, shukuhli, yashash uchun qulay boʻlgani hammaning eʼtiborini qozondi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Ibrohim Gʻofurov. – Boshqa viloyatlarga borganda ham “Guzar qurishni jizzaxliklardan oʻrganing” deyman.

– Zamon yangi talablarni oldinga qoʻymoqda, – deydi Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Jizzax viloyat kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Abdumajid Sattorov.– Sizlar koʻrgan “Toshloq” guzarida yoshlar uchun yangi sport oʻyingohi qurilyapti. Viloyatimizdagi “Mahalla” markazi ham qayta rekonstruksiya qilinmoqda. Natijada aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratiladi.

Xalqimiz azaldan jamoa boʻlib yashshga oʻrgangan. Odam taftini odam oladi. Tinch-osoyishta turmushning oʻzigav xos koʻrinishi guzarlarimizda namoyon boʻlmoqda. Bu dunyodagi yangiliklardan ham guzarda voqif boʻlasiz. Odamlarni ezgulikka chorlovchi, istiqlolimiz koʻzgusi hisoblanmish guzarlar yashnayversin.

Shuhrat Jabborov

OʻzA
1 485