O‘zA O`zbek

15.08.2018 17:00 Chop etish versiyasi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzurida muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzurida muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi
Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha vazirlik huzurida Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi. Kengashga Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev raislik qiladi.

Kengashning maqsadi jismoniy tarbiya va sport sohasida o‘quv-metodik rahbarlikni amalga oshirish, shu jumladan, o‘quv rejalari va dasturlarini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy ishlarning samarali olib borilishini tashkil qilishdan iborat.

Muvofiqlashtiruvchi kengashga jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlaridagi ta’lim muassasalari, sport federatsiyalari tomonidan taqdim etilgan sport turlari bo‘yicha ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar, sport mahoratini oshirish dasturlari, tavsiyanomalar va boshqa ishlanmalar loyihasini ko‘rib chiqish va nashrga tavsiya etishda shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport sohasida o‘quv rejalari va dasturlarini takomillashtirish vazifalari belgilandi.

Shu bilan birga, jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishida yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish va ularni sport ta’lim muassasalarining ta’lim jarayoniga keng tatbiq etish, zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash, shu jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlar sotib olish va tarjima qilish, axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish bo‘yicha tegishli takliflar tayyorlash, sohada ta’lim sifatini oshirish, ilmiy ishlarning samarali olib borilishini tashkil qilish hamda islohotlar yuzasidan vazirlik rahbariyatiga tegishli takliflar kiritib borish vazifalari yuklatildi.

O‘zA
2 268