O‘zA O`zbek

28.08.2018 11:46 Chop etish versiyasi

Jinoyatning bittasi ham koʻp

Jinoyatning bittasi ham koʻp

Termizda Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish boʻyicha Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Videoselektor shaklida tashkil etilgan yigʻilishda Respublika komissiyasi hamda 3-mintaqaviy Ishchi guruhi aʻzolari, senatorlar, deputatlar, huquqni muhofaza qilish idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yigʻilishda Ishchi guruh tomonidan Surxondaryo viloyatida joriy yilning yetti oyida huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

Hisobot davrida viloyatda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning barvaqt oldini olish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Natijada umumiy jinoyatlar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 35, jinoyat-qidiruv sohasidagi jinoyatlar 34,5, oʻta ogʻir jinoyatlar 12,5, bosqinchilik 83,3, oʻgʻirlik 51,4, transport vositasini olib qochish 100 foizga kamaygan. Boshqa qator turdagi jinoyatlarning ham pasayishiga erishilgan.

Shu davrda viloyatdagi 717 mahalla fuqarolar yigʻinlarining 304 tasida umuman jinoyat sodir boʻlmagan. Shuningdek, muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, voyaga yetmaganlar va ayollar jinoyati, ishlamaydigan hamda oʻqimaydigan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kamaygan boʻlsa-da, qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish 6,1 foizga oʻsgan. Muzrabot, Denov, Oltinsoy tumanlari va Termiz shahrida ogʻir jinoyatlar, Qiziriq, Oltinsoy, Denov va Termiz shahrida firibgarlik, Sherobod, Sariosiyo, Jarqoʻrgʻon, Qumqoʻrgʻon va Termiz shahrida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oshgan.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bandligini taʻminlash, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoiti yaratishga alohida eʻtibor qaratilmoqda. Biroq, Qiziriq, Qumqoʻrgʻon, Termiz tumanlarida ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oʻsgani tashvishlanarlidir.

Yigʻilishda ichki ishlar idoralari, mahalla fuqarolar yigʻinlari va taʻlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik yaxshi yoʻlga qoʻyilmagani, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʻlimi muassasalari oʻquvchilari oʻqishga toʻliq jalb etilmagani, sogʻliqni saqlash muassasalari hisobida turuvchi giyohvandlar, ichkilikka ruju qoʻyganlar va ruhiy kasallarning majburiy davolanishi talab darajasida emasligi tanqid qilindi.

Toʻrtta sektor rahbarining viloyatda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida olib borayotgan ishlari haqidagi hisoboti tinglandi. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish boʻyicha Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining qoʻshma qarori qabul qilindi.

Yigʻilishda Respublika komissiyasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yoʻldoshev, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi oʻrinbosari E.Tojiyev ishtirok etdi.

X. Mamatrayimov, OʻzA
2 339