O‘zA O`zbek

02.08.2018 18:27 Chop etish versiyasi

Jinoyatga undagan sabablar bisyor

Jinoyat haqiqati va adolat

(Ism-shariflar o‘zgartirilgan. Har qanday o‘xshashlik tasodifdir)

...Asatilla har doim yostig‘i tagida turadigan oshxona pichog‘ini oldi-yu Alining duch kelgan joyiga qattiq-qattiq sanchdi. Shu paytda uning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmayotgan edi. O‘zini anglaganida esa yerda qoniga belanib yotgan, o‘lim va hayot o‘rtasida turgan Ali og‘riqdan azob chekardi.

Samarqand viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi Asatilla Hamidovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25- va 97-moddasining 1-qismi bilan aybdor, deb topib, 7 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Bu muddat bir bolaning yettiga kirib, dunyoni to‘liq anglay boshlagan, harf tanib, “ota-ona” deb yoza boshlashiga to‘g‘ri keladi. A.Hamidovning agar yetti yoshli o‘g‘li bo‘lsa, u o‘smirlikka yetganida otasining mehriga yetishadi. Ungacha-chi? Ota mehri, uning o‘giti, kezi kelganda beozor qahri ham undan yiroq bo‘ladi, degani. Bu muddat oz emas.

Aslida voqea qanday bo‘lgan edi? Jinoyatning asl sababi, uni keltirib chiqargan omillar qanday?

Qiz o‘stirish oson emas, uning sha’nini asrash undanda qiyin

Qaysiki oilada qiz tug‘ilsa, ota-ona uni yaxshi niyat bilan oq yuvib oq tarar ekan, “qiz bola birovning xasmi” deb biladi. Uni kelajakda o‘z egasiga topshirib, ota-onalik vazifasini o‘z vaqtida bajarsam deydi.

A.Hamidovning ham uch farzandidan ikkitasi qiz. Ularning orzu-havaslari ham yuksak va beg‘ubor. Turmush o‘rtog‘i bilan ularning rohatini ko‘rishni, o‘z vaqtida yuzi yorug‘ bo‘lib oila qurishini istagan. Uning sha’ni, or-nomusini asrash ota-onaning burchi.

Bir muddat A.Hamidov bilan ulfatchilik qilib, go‘yoki bir-birining issiq-sovug‘idan xabar olib, o‘zini yaqin sirdosh qilib ko‘rsatib yurgan Ali Fayziyevning kunlar o‘tib “sovuq” qiliqlari chiqa boshladi. Spirtli ichimlik iste’mol qilib ushbu xonadonga, eshikni taqillatmay, so‘ramay-netmay kirib keladigan, turli haqoratli so‘zlarni aytadigan, qizlari sha’niga mos kelmaydigan gap-so‘zlar qiladigan odat chiqardi. Xonadon egalarining gapiga kirmay, qizlar yotoqxonasiga kirish, ularni haqorat qilish darajasiga yetdi. Bir necha bor ogohlantirishlarga qaramasdan, u bunga e’tibor bermadi.

Bir xonadon egasining ishonchiga kirib, so‘ng uni suiis’temol qilish, nomaqbul xatti-harakatlarni oqlash mumkinmi?

Oilaning tinchligi, sha’niga raxna solish insonning ishi emas. Uning fe’l-atvoridagi qusurlarning namoyon bo‘layotgani oiladagi tarbiya, ijtimoiy muhitning nosog‘lomligi, atrofdagilarning e’tiborsizligi oqibatidir. A.Fayziyevning bezovta qilayotganini aytib, oilasidagilar ogohlantirilganida ham, qo‘ni-qo‘shnilar uning xatti-harakatlariga guvoh bo‘lganida ham hech kim unga tanbeh bermadi. Uni o‘rtaga olib, bu ishlari xato ekanini uqtirmadi. “Yomonning bir qilig‘i ortiqcha”, deganlaridek, uning xurmacha qiliqlari kundan-kunga ortaverdi.

O‘lim va hayot orasi bir lahza

Aroqning o‘zi oq, qilmishi qora, deydilar. Ali ham ichkilikni ko‘rganida “ipini uzadiganlardan”. Natijada o‘zini ham, so‘zini ham nazorat qila olmay qoladi. Jinoyat sodir bo‘lgan kunda ham u mast holda bo‘lgan va ushbu xonadon egalarining nafsoniyatiga tegadigan so‘zlarni aytib, o‘zini nazorat qila olmagan.

...2018 yil 9 aprel kechki soat 21:30 atrofi. Hamma o‘z ishi bilan band. A.Hamidov charchaganini aytib uyquga yotdi.

Ko‘p o‘tmay “eski tanish” yana eshikdan mo‘raladi. Uning bu ishlaridan bezib ketgan xonadon egasi qo‘rqitib qo‘yish maqsadida yostig‘i ostidagi pichoqni olib unga yaqinlashdi. Shunda u “Yarim soatdan keyin uying portlaydi, Asatilla”, deb baqirdi. So‘ng kuch bilan uy ichiga kirishga urindi. Uning har doimgi qilig‘idan charchagan Asatilla uning bilagidan kuch bilan tortgan va jahl bilan duch kelgan joyiga tig‘ qadagan. Jahl ko‘zlarini ko‘r qilgan fuqaro bir inson hayotiga xavf soladigan darajada tan jarohati yetkazgan.

Uning vajohatini ko‘rgan ayoli va farzandlari o‘rtaga tushdi. Tez tibbiy yordam chaqirildi. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida og‘ir tan jarohati olgan A.Fayziyev omon qoldi.

Jinoyatchi bitta, ammo uni bu ishga majbur etgan omillar bisyor

Shundan so‘ng, tergov boshlandi, surishtirildi. Kim aybdor, bu ishning sababi nimaligi so‘raldi.

Asatilla Hamidov o‘z ishidan pushaymonligi, qilgan ishi xato ekanini, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarganini tan oldi. U o‘z qilmishini “qizlarimning sha’ni uchun qildim”, deb oqladi.

To‘g‘ri, u qasddan odam o‘ldirishga urindi. Ammo “Qars ikki qo‘ldan chiqadi”, deydi xalqimiz. Bu ish shunchaki o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmagan-ku. Uning sababchisi ikki kishi emasmi? Yetti yil umrini mahbuslikda o‘tkazadigan otaning farzandlari, himoya qilgan oilasi endi kimga qoldi? Jinoyatga undagan sabab oila sha’nini asrash edi-ku.

Uning olisdaligi, farzandlarini himoya eta olmasligi hisobga olinsa, birovning xonadoniga zo‘rlik bilan kirishga urinadigan, haqoratlab o‘zi bilganicha ish tutadigan Ali kabilarga keng yo‘l ochilmaydimi?

Inson qadri ulug‘. Uning xavfsizligi, haq-huquqlari, manfaatlari arz qilmagan taqdirida ham davlat himoyasidadir. Shunday ekan, har bir jinoyatning kelib chiqish sabablari o‘rganilganda, kimnidir aybli deb topishdan oldin ushbu fuqaroning ham huquqlarini himoya etish muhimdir.

Hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Uni shu yo‘lga kirishga majbur etadigan sabablar aniqlansa bas. Shundagina jinoyatlar va jinoyatchilar kamayishi uchun samarali harakat qilish mumkin.

Barno Meliqulova, O‘zA
2 532