Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.08.2017 20:35 Chop etish versiyasi

Jinoyatga jazo muqarrar

Oramizda nafaqat o‘zi, oilasi, balki yurtiga naf keltirayotganlar ko‘pligi tufayli yurtimiz tobora ravnaq topmoqda. Lekin guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, shundaylar ham borki, ularning qilmishlarini eshitib yoqa ushlaydi kishi.     

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida yashovchi A ismli fuqaro turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro janjallashayotganda ularni ajratmoqchi bo‘lgan o‘g‘lining ko‘krak qismiga pichoq sanchgan. Ajal bilan olishgan o‘smirning hayotini yaxshiyamki shifokorlar saqlab qoldi.

O‘tgan haftada mana shunday jinoyatlar, ya’ni qasddan badanga jarohat yetkazish, o‘g‘irlik, firibgarlik, qotillik, bosqinchilik, talonchilik, nomusga tegish, bezorilik, narkotik moddalar bilan bog‘liq hodisasi sodir bo‘lgan.

O‘zA muxbiriga Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatidan xabar qilishlaricha, o‘tgan hafta davomida mamlakatimizda 735 jinoyat sodir etilgan.

Jinoyatlar tafsilotlari Ichki ishlar vazirligining tegishli sohaviy xizmatlari rahbarlari, viloyatlar IIBlari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari va sohaviy xizmatlari rahbarlari, tuman-shaharlar IIB boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari, jinoyat sodir etilgan hududga biriktirilgan profilaktika inspektorlari ishtirokida batafsil muhokama qilindi.

Sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha tuzilgan tezkor-tergov guruhlari faoliyati natijasida 623 jinoyat “izi yo‘qolmasdan”sutka davomida fosh etildi. Jinoyatlarni sodir etgan 1 ming 24 nafar shaxs, shu jumladan, ishsiz, muqaddam sudlangan, voyaga yetmagan shaxslar, shuningdek, 80 jinoiy guruh aniqlandi.

Ilgari sodir etilib ochilmasdan qolgan 91  jinoyat, shu jumladan, 2 ta qotillik, talonchilik va transport vositasini olib qochish, 6 firibgarlik, 76  o‘g‘irlik va boshqa turdagi jinoyatlar fosh etildi.

Jinoyatlarning tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, hafta davomida qayd etilgan qotilliklarning 6 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida, qarindoshlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga barham berilmaganligi oqibatida Uchqo‘rg‘on, Qarshi, Chiroqchi, Bekobod va Bag‘dod tumanlarida sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Shuningdek, qotillik jinoyatlarining 5 tasi joylardagi profilaktika inspektori va mahalla faollari tomonidan aholining turmush sharoitlarini o‘rganishda qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlar va o‘zaro kelishmovchiliklarga ahamiyat berilmaganligi va mavjud muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmaganligi sababli sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.

IIV matbuot xizmati rahbari To‘lagan Abdullayevning aytishicha, hududlarda tezkor vaziyatning barqarorligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatlar “izi yo‘qolmasdan” fosh etilishini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, har bir hududga rahbar xodimlarni mas’ul etib biriktirgan holda kuchaytirilgan tungi xizmat tashkil etilgan. Ushbu tadbir vazirlik rahbariyatining alohida nazoratiga olingan holda davom ettirilmoqda.

Norgul Abduraimova, O‘zA
1 744






Все о погоде - Pogoda.uz